Raqamlar yolg’on gapirmaydi: Biznesda moliyaviy tartib o‘rnatish
Nega intuitsiya yetarli emas va hisobotlar qanday qilib zararlarning oldini oladi

Moliyaviy boshqaruv — bu shunchaki hisobotlar va raqamlar emas. Bu — biznes tili. Agar siz bu tilni bilmasangiz, demak siz kompaniyangizni boshqarmayapsiz, balki oqim bo‘ylab suzayapsiz. So‘nggi yillarda men mahsuloti kuchli, jamoasi zo‘r va bozori yaxshi bo‘lgan o‘nlab kompaniyalarni ko‘rdim. Ammo ularning muammosi — moliyaviy savodxonlikning yetishmasligi edi. Aynan shu ko‘proq hollarda kompaniyani zarar ko‘rishga olib keladi, na bozor va na raqobat emas. Quyida esa pul masalasida qanday tartib o‘rnatish mumkinligi bo‘yicha tizimli yondashuv keltirilgan.
1. Nega biznes “ko‘r holda” ishlaydi?
His-tuyg‘ular aldashi mumkin
Ko‘pchilik tadbirkorlar: “Ishlarim qanday ketayotganini sezib turaman”, — deydi. Ammo sezgi noaniq davrlarda — talab o‘zgarishi, mavsumiylik, xarajatlarning o‘sishi kabi holatlarda pand beradi. Agar siz daromad tuzilmasini, aniq tannarxni va pul harakatini ko‘rmasangiz, qarorlarni tasodifga asoslanib qabul qilishingiz mumkin.
Men millionlab aylanmaga ega, ammo foydasi nol bo‘lgan bizneslarni ko‘rganman — faqatgina “hammasi yaxshi ketayotgandek tuyulgan”i uchun. Bir kuni ijara uchun pul yetmaydi, keyin esa muammolar zanjiri boshlanadi: qarzlar, jarimalar, xodimlar ketishi.
Xatoliklar ildizi qayerda
Xatolik moliyaviy boshqaruv hisobotining yo‘qligida.
Buxgalteriya — davlat uchun, sizga esa boshqaruv uchun hisobot kerak. Ular butunlay boshqacha tuziladi: hisoblash usulida, yo‘nalishlar, savdo kanallari va mijozlar kesimida batafsil tuzilgan bo‘lishi kerak. Faqat shundagina haqiqiy foydalilikni ko‘rish va kelajakni boshqarish mumkin bo‘ladi.
2. Har bir tadbirkor bilishi kerak bo‘lgan 3 muhim hisobot
Foyda va zarar hisobot (P&L)
Bu — asosiy hisobot. Siz qancha ishlab topdingiz, qancha sarfladingiz va foyda qoldimi — barchasini ko‘rsatadi. Muhimi — bu hisoblash usulida tuzilishi kerak, ya’ni tushum yoki to‘lov qachon bo‘lganiga emas, xizmat yoki mahsulot haqiqatda taqdim etilgan vaqtga qarab.
Misol: mijozlardan biri biznesi foydali deb o‘ylagan edi. Lekin P&L tuzganimizdan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, reklama tushumning 35%ni, logistika esa yana 20%ni yutmoqda. Reklama kanallarini optimallashtirgach, foydalilik 2,3 barobarga oshdi.
Pul oqimi hisoboti (Cash Flow)
Foyda va pul — bir narsa emas. Siz foydali bo‘lishingiz mumkin, lekin aylanmaga pul yetmasligidan bankrot bo‘lishingizning xavfi bor. Cash Flow likvidlikni boshqarishga yordam beradi: pul qachon tushadi, qachon chiqadi va qayerda uzilishlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Bu hisobotsiz siz xuddi spidometri yo‘q haydovchiga o‘xshaysiz: hammasi yaxshi ko‘rinadi, to o‘sha “kassaviy teshik”ka tushguningizcha.
Balans
Balans sizda nima borligini, qancha qarzdor ekanligingizni va aslida nimalarga egaligingizni ko‘rsatadi. U qarz yuklamasi, aktivlar tuzilmasi va kapital harakatini tahlil qilishga yordam beradi. Agar sizda balans bo‘lmasa, kompaniyangizning umumiy holatini ko‘ra olmaysiz — faqat bo‘laklarini ko‘rasiz.
3. Haqiqiy kompaniyada moliyaviy nazoratni qanday joriy qilish kerak
1-qadam: Hisob yuritishda minimal darajani belgilang
Agar sizning biznesingiz kichik bo‘lsa ham — P&L (foyda va zarar hisobot), Cash Flow (pul oqimi) va balans bo‘yicha oddiy jadval tuzing. Excel yoki Google Sheets ishlating. Asosiysi — ma’lumotlarni muntazam yozib borish va kamida oyda bir marta tahlil qilishni boshlang.
2-qadam: Mas’ul shaxsni tayinlang
Moliyaviy masalalar — bu ilhom emas, mas’uliyat zonasidir. Agar biznes kichik bo‘lsa — bu sizning vazifangiz. Yoki moliyaviy konsultant yollashingiz mumkin. Muhimi — hisobotlar, raqamlar va xulosalar uchun doimiy mas’ul shaxs bo‘lishi kerak.
3-qadam: Doimiylikni ta’minlang
Moliyaviy hisobot — bu yil oxiridagi marosim emas. Bu — haftalik boshqaruv vositasi. Biz KSP’da “moliyaviy juma” amaliyotini joriy qilganmiz: har juma kuni kompaniya egasi asosiy ko‘rsatkichlarni ko‘radi va ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qiladi.
4. Nimaga e’tibor berish kerak va pulni qayerdan izlash mumkin
Xarajatlar va samaradorlikni nazorat qilish
Moliyaviy tartib — bu faqat hisob yuritish emas, balki doimiy takomillashtirishdir. Reja va faktni taqqoslang, tafovutlarni aniqlang, yo‘nalishlar bo‘yicha rentabellikni tahlil qiling. Masalan, bir mahsulot aylanmaning 70%ni berishi mumkin, ammo foydaning atigi 20%ni. Nega bundayligini tushunish va nimani optimallashtirish mumkinligini aniqlash kerak.
Debitor qarzlar va ombor nazorati
Ko‘pincha pul yo‘qotishlar zarar emas, balki “muzlab qolgan mablag‘lar” orqali sodir bo‘ladi: omborda sotilmayotgan tovarlar yoki pulini to‘lamayotgan mijozlar. Aylanma tezligi va to‘lov muddatlarini nazorat qilishni yo‘lga qo‘ying. Bir mijoz debitor nazoratini joriy qilganidan so‘ng 500 mln so‘mlik “muzlagan” mablag‘ni bo‘shatdi va uni o‘sishga yo‘naltirdi.
Xulosa
Moliyaviy tartib — bu mas’uliyat va muntazamlikdan boshlanadi. Katta aylanmaning foydasi yo‘q, agar u barqaror daromadga aylana olmasa. Raqamlarni o‘qiy olish — bu buxgalteriya emas. Bu — boshqaruv yetukligi.
Agar siz moliyaviy nazorat qo‘lingizda deb hisoblasangiz — shuni tekshirib ko‘ring. Agar “nimadir noto‘g‘ri” degan tuyg‘u bo‘lsa — muammolarni kutmang. Oddiy narsadan boshlang: P&L, Cash Flow va balansni to‘plang. Va o‘z biznesingizga chinakamiga nazar tashlang.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ