O‘zbekistonda modulli mehmonxonalar qurish uchun subsidiya miqdori oshirildi
Kompensatsiya 1 mln so‘mdan turli toifalar uchun 10 mln so‘mgacha etib belgilandi

Foto: a-modul.ru
2027-yil 1-yanvargacha tadbirkorlar tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxonalar uchun 1 martalik subsidiya ajratiladi. Bu haqda Prezident farmoni imzolandi.
Xususan, ular quyidagi miqdorlarda belgilangan:
- I toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun — 10 mln so‘m;
- II toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun — 7 mln so‘m;
- III toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun — 5 mln so‘m.
Ilgari muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qat’i nazar yaratilgan har bir joy uchun 2026-yil 1-noyabrgacha 1 mln so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangandi.
Prezidentning yangi farmoniga ko‘ra, 2028-yil 1-yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining turizm yo‘nalishidagi xodimlari malakasini oshirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
2030-yil 1-yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining xizmatlari xalqaro turizm va tibbiyot yarmarkalari hamda ko‘rgazmalarida targ‘ib qilinadi. 2025-yil 1-iyundan turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi. 2025-yil yakuniga qadar Samarqand shahrida “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi tashkil etiladi.
Farmonga ko‘ra, respublika miqyosida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan sport musobaqalari g‘oliblari qo‘shimcha ravishda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasi bilan taqdirlanishi belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ