Yil boshida milliy valyutadagi kreditlar ulushi 61% ga yetdi — Markaziy bank
Ularning asosiy qismi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi
Foto: Kapital.uz
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, kreditlar tarkibida milliy valyutadagi kreditlar ulushi sezilarli oshib, 2026-yil boshida 61% ga yetdi. 2024-yilda bu ko’rsatkich 55% ni tashkil qilgan. Regulyator buni kreditlar tarkibida milliy valyuta ulushi bosqichma-bosqich oshib borgani bilan izohladi.
Milliy valyutadagi kreditlarning asosiy qismi jismoniy shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi. Aholi kreditlari ichki talabni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda, deya tushuntiradi MB.
Chet el valyutasidagi kreditlar asosan korxonalarga yo‘naltirilib, eksport va import bilan bog‘liq loyihalarni moliyalashtirishga xizmat qilmoqda.
Ajratilgan kreditlarning asosiy qismi (88%) uzoq muddatli.
Bu investitsion loyihalar, ipoteka va uzoq muddatli biznes rivojiga ustuvorlik berilayotganini ko‘rsatadi, — deya qayd etgan regulyator.
MB hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat tijorat banklari kredit portfeli barqaror kengaymoqda. Bu, regulyatorga ko‘ra, ichki talab va investitsiya faolligi kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
So‘nggi ikki yilda banklar kredit portfeli izchil o‘sib, 2026-yil boshiga 604 trln so‘mdan ziyodni tashkil etdi. Bu 2024-yilgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 28% ga yuqori bo‘lib, bank tizimida kreditlash jarayonlarining barqarorligidan dalolat beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ