Dunyo millionerlarining atigi 25%i soliq rezidentligini o‘zgartirgan

So‘rovnomada kamida $1 mln kapitalga ega 6,5 mingdan ziyod investor xorijdagi aktivlarga ko‘proq e'tibor berayotganini ma'lum qilgan

Dunyo millionerlarining atigi 25%i soliq rezidentligini o‘zgartirgan

Soliq rezidentligini boshqa mamlakatga ko‘chirishga qiziqish so‘nggi yillarda sezilarli darajada kamaydi. Bu haqda xalqaro konsalting kompaniyasi Capgemini tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalarida ma’lum qilindi.

Tadqiqotga ko‘ra, 2025-yilda millionerlarning atigi 25%i soliq rezidentligini o‘zgartirgan yoki o‘zgartirishni rejalashtirmoqda. Taqqoslash uchun, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 56% ni tashkil etgan.

So‘rovnomada asosiy yashash joyi qiymati hisobga olinmagan holda $1 mlndan ortiq kapitalga ega bo‘lgan 6,5 mingdan ziyod investor ishtirok etdi.

Mutaxassislar fikricha, migratsiya bozori qisqarmayotgan bo‘lsa-da, uning shakli o‘zgarmoqda. Endilikda ko‘plab badavlat oilalar to‘liq ko‘chib o‘tish o‘rniga muqobil imkoniyatlar yaratishni afzal ko‘rmoqda. Xususan, ular ikkinchi fuqarolik yoki rezidentlik olish, xorijda bank hisobvaraqlari ochish va chet el ko‘chmas mulkiga sarmoya kiritishga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, ko‘chib o‘tish masalasini eng ko‘p $1 mlndan $30 mlngacha kapitalga ega tadbirkorlar ko‘rib chiqmoqda. Aynan shu toifa investitsion migratsiya dasturlarining asosiy ishtirokchilari bo‘lib qolmoqda. O‘ta boy oilalarda esa odatda bir nechta mamlakatlarda biznes, ko‘chmas mulk va rezidentlik imkoniyatlari mavjud bo‘lgani sababli yashash mamlakatini o‘zgartirish zarurati kamroq uchraydi.

Yosh omili ham muhim tendensiyalardan biri sifatida qayd etildi. 40 yoshgacha bo‘lgan investorlar orasida rezidentlikni o‘zgartirish istagi 60 yoshdan oshganlarga nisbatan ancha yuqori. Yosh tadbirkorlar uchun bu ko‘proq kelajakdagi imkoniyatlar, farzandlar ta’limi va xalqaro biznesni rivojlantirish bilan bog‘liq.

Tadqiqotda ta’kidlanishicha, migratsiya sabablarida ham o‘zgarish kuzatilmoqda. Avvallari asosiy omil soliq yukini kamaytirish bo‘lgan bo‘lsa, hozirda aktivlarni himoya qilish, siyosiy barqarorlik, xalqaro bozorlarga chiqish va ta’lim imkoniyatlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.

Badavlat investorlar uchun eng jozibador yo‘nalishlar qatorida Singapur va AQSH qayd etilgan.

Tahlilchilar fikricha, ommaviy soliq migratsiyasi davri asta-sekin yakunlanib, uning o‘rnini moslashuvchan strategiya egallamoqda. Endilikda ko‘plab badavlat oilalar uchun boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tishdan ko‘ra, zarurat tug‘ilganda istalgan vaqtda ko‘chib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lish muhimroq hisoblanadi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Dollar kursi yana 12 ming so‘mdan oshdi
/
Dollar kursi yana 12 ming so‘mdan oshdi
Rossiya O‘zbekistonga AES qurilishi uchun imtiyozli kredit ajratadi
/
Rossiya O‘zbekistonga AES qurilishi uchun imtiyozli kredit ajratadi
O‘zbekiston oltin xaridi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi
/
O‘zbekiston oltin xaridi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi