Shveytsariyalik tennischi Rojer Federer rasman milliarderga aylandi
Forbes uning boyligini $1,1 mlrdga baholamoqda, bu orqali Federer dunyoning yetttinchi eng boy sportchisiga aylandi

Forbes ma’lumotiga ko‘ra, Rodjer Federerning boyligi $1,1 mlrdga baholanmoqda. U dunyoda milliarderlarga qo‘shilgan yettinchi sportchiga aylandi.
Federer 2022-yil sentabrida professional faoliyatini yakunlagan. U ATP turida 24 mavsum davomida qatnashib, 20 ta “Katta dubulg‘a” sovrinini qo‘lga kiritgan, jami 103 ta turnirda g‘olib bo‘lgan va $131 mln miqdorida mukofot pullarini ishlab topgan. Biroq uning asosiy boyligi kort tashqarisidagi faoliyatdan to‘plangan: taxminan $1 mlrdni u Rolex, Mercedes-Benz, Lindt, Moët & Chandon, NetJets, Uniqlo va UBS kabi yirik brendlar bilan tuzilgan homiylik shartnomalari hisobiga qo‘lga kiritgan.
Federer boyligining eng muhim qismi esa Shveytsariyaning sport poyabzali va kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi On kompaniyasiga kiritgan investitsiyasiga to‘g‘ri keladi. Tennischi ushbu brend haqida ilk bor xotini On krossovkalarini kiya boshlagach bilib, tez orada asoschilari David Alleman, Olivye Bernxard va Kaspar Koppetti bilan bog‘langan. 2019-yilda u kompaniyaning ulushini sotib olgan va faqat investor sifatida emas, balki yangi tennis krossovkalari hamda kundalik kiyimlar liniyasini yaratishda ham faol qatnashgan.
Bu qaror tez orada o‘zini oqladi: 2021-yilda On Nyu-York fond birjasiga chiqqan va Federerning ulushi 3% ga yetgan. Hozirda kompaniya kapitalizatsiyasi $15 mlrdga yaqinlashgan, aksiyalari esa 86% ga oshgan. Faqatgina ushbu investitsiya hisobidan Federarning boyligi $375 mlndan ortdi.
Bundan tashqari, Federer boshqa loyihalarga ham sarmoya kiritgan. 2013-yilda u o‘z agenti Toni Godisik bilan birga Team8 agentligini tashkil etgan. 2017-yilda esa ATP tomonidan tan olingan Laver Cup yillik jamoaviy turnirini yo‘lga qo‘ygan. Bu musobaqa doimo yetakchi tennischilarni jalb etib keladi va foydali loyiha hisoblanadi. 2025-yilda San-Fransiskoda bo‘ladigan turnir daromadi $20 mlndan oshishi kutilmoqda. Federer, shuningdek, o‘simlik asosidagi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan NotCo startapiga ham mablag‘ kiritgan.
Shveytsariyalik afsonaviy tennischi hali ham reklama beruvchilar uchun eng jozibador shaxslar qatorida turadi: uning ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasi 43 mln kishidan ortiq bo‘lib, muxlislar faolligi ko‘plab faol tennischilarnikidan yuqori.
Federer milliarderlarga qo‘shilgan sportchilar safini to‘ldirdi. Bu ro‘yxatda Lebron Jeyms, Tayger Vuds, Fil Mikelson, Floyd Meyvezer, Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi bor. Birinchi bo‘lib bu maqomni 2007-yilda ruminiyalik tennischi Ion Tsiriak qo‘lga kiritgan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ