Endilikda mikroqarzlar reklamasida uni olish oqibatlari haqida ogohlantiriladi
Markaziy bank va Raqobat qo‘mitasi reklama vaqti yoki maydonining kamida 10% ini ehtimoliy qarzlar va moliyaviy xatarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar egallashi kerak deb hisoblaydi

Фото: ТАСС
Raqobat qo‘mitasi kredit reklamalarida uning oqibatlari haqida ogohlantirishlar berish majburiyatini joriy etishni taklif qildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda mikroqarz va iste’mol kreditlari bozorida faollik ortib borayotgani kuzatilmoqda. Shu bilan birga, ayrim kredit tashkilotlari tomonidan agressiv marketing va reklama orqali aholi o‘rtasida bunday moliyaviy xizmatlarning ommalashuvi, natijada esa qarz yukining keskin o‘sishi kuzatilmoqda.
Shuningdek, aksar hollarda bunday qarz mahsulotlari reklama va targ‘ibot materiallarida aholining e’tibori ularni tez va oson tarzda olish imkoniyatiga qaratiladi. Biroq bunday yondashuvlar qarz majburiyatlarining kelgusida keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot bermasligi oqibatida fuqarolar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi tomonidan Markaziy banki bilan hamkorlikda xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 43-moddasiga (moliyaviy xizmatlar reklamasi) tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Mazkur takliflarga ko‘ra, aholiga taklif etilayotgan kredit, jumladan mikroqarzlar reklama qilinganda, reklama maydoni va vaqtining kamida 10%i bunday moliyaviy xizmatlardan foydalanish oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlar to‘g‘risidagi ogohlantirishga ajratilishi belgilanmoqda.
Ushbu tashabbus aholining moliyaviy xabardorligini oshirish, ongli qarz olish madaniyatini shakllantirish hamda ortiqcha qarz yukining oldini olishga qaratilgan.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni har qanday qarz majburiyatini olgan holda o‘z moliyaviy imkoniyatlarini aniq va mas’uliyatli baholashga, shuningdek, bunday xizmatlar bilan bog‘liq shartlar, foiz stavkalari va to‘lov majburiyatlarini diqqat bilan o‘rganishga chaqirdi
Ayni paytda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 43-moddasida moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborot reklamadan foydalanuvchining ishonchini suiisteʼmol qilmaydigan va (yoki) reklamadan foydalanuvchining tajribasi va bilimi yetishmasligidan foydalanish niyatini koʻzlamaydigan usulda taqdim etilishi, reklama qilinayotgan xizmatlarga bevosita aloqador boʻlmagan axborotga ega boʻlmasligi kerakligi, ushbu moliyaviy xizmatlar koʻrsatish uchun shartnomalarning muhim shartlarini ochib berishi kerakligi belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ