O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlariga biznes uchun 60 mln so‘mgacha grant ajratiladi
Grantlar tanlov asosida taqsimlanib, arizalar 21-sentabrgacha qabul qilinadi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Xorijdan O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlariga o‘z biznesini tashkil etish yoki rivojlantirish uchun 60 mln so‘mgacha grant ajratiladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Dastur Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikda, Shvetsiya Adliya vazirligining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda. Tashabbusdan asosiy maqsad mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Har bir loyiha uchun grant miqdori 60 mln so‘mgacha etadi. Mablag‘lar tanlov asosida ajratiladi.
Loyihalarni saralashda quyidagi mezonlarga ustuvor ahamiyat beriladi:
- aniq va asoslangan biznes g‘oyasining mavjudligi;
- yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoniyati;
- biznesning barqarorligi va samaradorligi.
Tanlovda 2025–2026-yillarda xorijda ishlagan va O‘zbekistonga qaytgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Ayollarning ishtirokiga alohida e’tibor qaratiladi.
Arizalar 21-sentabrgacha qabul qilinadi.
Buyuk Britaniyadagi mehnat migrantlari uchun alohida dastur
Migratsiya agentligi Buyuk Britaniyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun ham shunga o‘xshash dastur ishga tushirmoqda. Unda 2024–2026-yillarda Seasonal Workers Scheme mavsumiy ish dasturi doirasida ishlagan fuqarolar qatnashishi mumkin.
Nomzodlar Toshkent shahrida bir kunlik intensiv treningdan o‘tishi kerak. Grant olish uchun biznes-reja hamda tadbirkorlik tajribasini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etiladi.
Shuningdek, ishtirokchilar dastur ijtimoiy-iqtisodiy holatga qanday ta’sir ko‘rsatganini baholash maqsadida keyingi ikki yil davomida XMT bilan hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqlashi kerak.
Ushbu dasturda ishtirok etish uchun arizalar 20-sentabrgacha qabul qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ