Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda metan zapravkalari qurilishiga taqiq qo‘yilganini ma’lum qildi
Qayd etilishicha, bu mavjud shoxobchalarga gaz yetkazib berilmayotgani bilan bog'liq
Foto: Savdo-sanoat palatasi
2026-yil 6-fevral kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida Amudaryo tumanidagi tadbirkor avtomobillarga xizmat ko‘rsatuvchi elektr, gaz va benzin zapravkalari barpo etish niyati borligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, loyiha uchun 40 sotix yer ajratilgan, zarur uskunalar ham tayyor holatda.
Biroq tadbirkor metan zapravkasi qurilishi bo‘yicha Energetika vazirligidan ruxsat olish jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelayotganini bildirib, ushbu masalani hal etishda ko‘mak so‘radi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev esa bunga javoban, hozirgi vaqtda mas’ul idoralar faoliyat yuritayotgan zapravkalarni ham gaz bilan to‘liq ta’minlashda muammolarga duch kelayotganini ta’kidladi.
Hozir metan gaz zapravka qurishga ruxsat yo‘q. To‘g‘risini aytinglar-da, yetkazib bermayapsizlar-ku. Bor metan zapravkalarga bular gaz yetkazib bera olmayapti. Farhod O‘razboyevich (Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisi) buni tadbirkorlarga aytmaganmisizlar, deb savol qo‘ydi hukumat rasmiysi.
Farhod Ermanovning aytishicha, metanga taqiq masalasida barcha tadbirkorlar ogohlantirilgan.
Hokimlarning ham, muovinlarining ham xabarlari bor. Tadbirkorlarga ham bu masala bo‘yicha aytganmiz. O‘tgan yildan boshlab metan zapravka qurilishiga taqiq qo‘yilgan. Hech qanday ruxsat yo‘q, dedi Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi raisi.
Suhbat davomida Jamshid Xo‘jayev tadbirkorga zapravka qurgani bilan puli uvol bo‘lishini tushuntirdi.
Sizga metan bermaydi. Qurilishni boshlamaslik kerak. Nega buni hokimiyat aytmaydi, dedi bosh vazir o‘rinbosari.
Maʼlumot uchun, O‘zbekistonda joriy qishning dekabr va yanvar oylaridan katta qismida metan zapravkalar yopiq bo‘ldi. Oxirgi marta Energetika vazirligi 20-yanvarda metan zapravkalar faoliyatiga cheklov kiritdi. Oradan ikki hafta o‘tib, 2-fevraldan zapravkalar soat 10:00 dan 16:00 gacha ishlashiga ruxsat berildi. Vodiy viloyatlarida esa aniq vaqt maʼlum qilinmadi. Hududdagi viloyatlarda zapravkalar ochilish yoki ochilmasligi gaz bosimi hamda hokimiyat bilan kelishuvga bog‘ligi bildirilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ