Toshkent markazida uy-joyning bir kvadrat metri $1853 ga baholandi
Poytaxtdagi uylar narxi Boku va Minskdan arzon, ammo Ostona va Bishkekdan qimmatroq
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
INFOLine tahlilchilari Markaziy Osiyo, Kavkaz va MDH davlatlaridagi yirik shaharlarda ko‘chmas mulk bozorini solishtirma tahlil qilib chiqdi. Bu haqda agentlikning choraklik hisobotida ma’lum qilindi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Toshkent uy-joy narxlari bo‘yicha o‘rtacha o‘rinni egallagan. Poytaxt markazida bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha narxi $1853 ni, chekka hududlarda esa $986 ni tashkil etgan. So‘nggi bir yil davomida narxlar 9,6% ga pasaygani qayd etildi.
Taqqoslash natijalariga ko‘ra, Toshkentdagi uylar Boku ($2215) va Minsk ($2191) bilan solishtirganda arzonroq, ammo Olmaota ($1822) bilan deyarli bir xil darajada. Shu bilan birga, poytaxtdagi uy-joy narxlari Ostona va Bishkekka nisbatan yuqoriroq bo‘lib qolmoqda.
Eng arzon uy-joy bozori Ostona shahrida qayd etildi. Bu yerda markazdagi kvadrat metr narxi $1145 ga teng bo‘lib, yil davomida 1,4% ga oshgan. Shahar chekkalarida esa narx $845 ni tashkil etib, 12,4% ga ko‘tarilgan.
MDH hududida (Rossiyadan tashqari) eng qimmat uy-joy bozori Armanistonda joylashgan. Yerevanda markazdagi uylar $3232 ga baholanib, yil davomida 3% ga arzonlashgan. Chekka hududlarda esa narx $1573 bo‘lib, 1,5% ga oshgan.
Rossiyada uy-joy narxlari ham yuqori bo‘lib qolmoqda. Moskvada bir kvadrat metr $11 118, Sankt-Peterburgda esa $4252 ni tashkil etadi. Mutaxassislar dollar hisobidagi o‘sishni rublning mustahkamlanishi bilan izohlamoqda.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, Rossiyada yangi uylar narxining oshishi asosan nominal xarakterga ega. Narxlardagi farq ko‘proq moliyaviy vositalar va ipoteka xarajatlari hisobiga shakllanmoqda. Quruvchilarning narxlari bilan ikkilamchi bozor o‘rtasidagi tafovut 15–20% ga yetib, uy-joyning real qiymati sezilarli oshmaganini ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ