May oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari 1,5% ga oshdi

Biroq, yil davomida inflyatsiya 8,7% gacha pastlagan

May oyida O‘zbekistonda iste’mol narxlari 1,5% ga oshdi

O‘zbekistonda joriy yil may oyida yillik inflyatsiya darajasi pasaydi, ammo oylik narxlar keskin ko‘tarildi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi sharhida maʼlum qilindi.

Infografika: Statistika qo‘mitasi

Maydagi oylik inflyatsiya darajasi 1,5% bo‘ldi. Bu oyma-oy ko‘rsatkichlarga qaraganda bir yil ichidagi eng yuqori o‘sish hisoblanadi. O‘tgan oyda yillik inflyatsiya darajasi 8,7% ga pastlagan (aprelda 10,1% edi).

May davomida oziq-ovqat mahsulotlari 0,8% arzonlashgan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari 1,7%, xizmatlar narxi 5,9% qimmatlashgan.

Bunday holat ko‘p jihatdan kommunal xizmatlar sohasidagi tariflarni oshirilishi bilan bog‘liq bo‘ldi, deyiladi qo‘mita sharhida.

Inflyatsiya darajasi Farg‘ona, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda yuqori o‘sgan. O‘rtacha ko‘rsatkichdan baland bo‘lgan yillik inflyatsiya Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida qayd etilgan.

Infografika: Statistika qo‘mitasi

Qo‘mita tahlilida 2025-yil may oyidan boshlab, aholi uchun elektr energiyasi va gaz narxi oshirilganini ham eslab o‘tilgan. Bunda respublika bo‘yicha tok narxi o‘rtacha 18,8% ga, gaz 39,2% ga qimmatlashgani keltirilgan. Shu bilan birga, bir oy ichida metan narxi 27% ga, maishiy isteʼmoldagi suyultirilgan gaz tarifi esa 25% ga ko‘tarilgan.

May oyida benzin va propan narxlarida 0,1-2,7% oralig‘ida tushish kuzatilgan. Avtomobil transporti xizmatlari 2,4% ga, temiryo‘l transporti xizmatlari 0,1% ga qimmatlashgan. Havo transportida yo‘lovchi tashish xizmatlari o‘rtacha 5,4% ga arzonlashgan.

Bu O‘zbekiston havo yo‘llarida ichki qatnovlar uchun ekonom klass tariflarining pasayishi bilan bog‘liq bo‘ldi, deya qayd etilgan sharhda.

O‘tgan oyda mobil aloqa xizmatlari narxi o‘rtacha 2,9% ga oshdi.

Asosiy turdagi oziq-ovqatlar turkumiga kiruvchi sabzavotlardan bodring 61,1%, pomidor 27,1% arzonlashdi. Karam 14% ga, kartoshka 1,9% ga, piyoz narxi 1,2% ga tushdi. Sabzi esa 15% qimmatlashdi. Shu bilan birga, o‘simlik yog‘i 4% ga, shakar narxi 2,2% ga oshdi.

Mol va qo‘y go‘shti narxlari 0,8%, parranda go‘shtida 0,3-0,5% ko‘tarildi. Bundan tashqari, tuxum 4%, guruch 0,5%, xom sut 0,2% arzonlashdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Rossiyaning “Medsi” kompaniyasi O‘zbekistonda klinika ochadi
/
Rossiyaning “Medsi” kompaniyasi O‘zbekistonda klinika ochadi
Avgust oyidan Mumbaydan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yiladi
/
Avgust oyidan Mumbaydan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar qo‘yiladi
Namanganda xitoylik investorlar $530 mlnlik loyihalarni amalga oshiradi
/
Namanganda xitoylik investorlar $530 mlnlik loyihalarni amalga oshiradi