Sud mashhur brendlar nomi ostida kiyim ishlab chiqargan kompaniyalarni jarimaga tortdi
Javobgarlar Hugo Boss, Puma va Tommy Hilfiger brendlari uchun 61,8 mln so‘m to‘laydi
Фото: Артём Левин / Kapital.uz
Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk markazi xabariga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida kontrafakt kiyimlar savdosi sud qarori bilan to‘xtatildi.
1-aprel kuni viloyat iqtisodiy sudida Germaniyaning Hugo Boss AG va Puma SE, shuningdek Niderlandiyaning Tommy Hilfiger Licensing BV kompaniyalari da’vosi ko‘rib chiqildi. Ular o‘z tovar belgilarini himoya qilishni talab qilgan.
Sud aniqlashicha, javobgar kompaniyalar ushbu brendlar nomi ostida qalbaki kiyimlarni sotgan hamda reklamada ularning savdo belgilaridan noqonuniy foydalangan. Ular mualliflik huquqi egalari bilan hech qanday litsenziya shartnomasi tuzmagan.
Sud qaroriga ko‘ra, kompaniyalar da’vogarlarga jami 61,8 mln so‘m kompensatsiya to‘lashi belgilandi. Davlat boji, sud va pochta xarajatlari bilan birga undiriladigan umumiy summa 111 mln so‘mdan oshdi.
Shuningdek, sud javobgarlarga tovar belgilaridan noqonuniy foydalanishni to‘xtatish majburiyatini yukladi. Barcha kontrafakt mahsulotlar, ularning qadoqlari va noqonuniy brendlar qo‘llangan boshqa tovarlar muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ