Mart oyining ikkinchi yarmidan tabiiy gaz uchun yangi bazaviy me’yor amal qiladi
Energetika vazirligiga ko'ra, martning qolgan kunlari uchun esa 50 kub metr qo‘llaniladi
O‘zbekistonda mart oyi boshida havo haroratining keskin soviganligini inobatga olib, tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan oylik bazaviy me’yor 15-martga qadar uzaytirilgan edi. Energetika vazirligi ushbu me’yor tugaganini eslatdi.
O‘zgidromet 16−20-mart kunlari respublika hududlarida havo harorati kunduzi +22°S gacha, kechasi +10°S bo‘lishi e’lon qildi. Shu munosabat bilan, 16-martdan boshlab 1-noyabrga qadar har oy uchun 100 kub metrgacha (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-oktabrgacha) bazaviy me’yor amal qiladi.
Mart oyining qolgan kunlari uchun bazaviy me’yor 50 kub metr etib belgilandi.
Vazirlik tushuntirishicha, bir oylik 500 kub metr bazaviy me’yor oyning birinchi yarmi uchun (1−15-mart kunlari) teng ulushlarda (proporsional) taqsimlanganda 250 kub metrni tashkil etadi. Bir oylik 100 kub metr bazaviy me’yor oyning ikkinchi yarmi uchun (16−31-mart kunlari) teng ulushlarda (proporsional) taqsimlanganda 50 kub metrni tashkil etadi va mana shu 50 kub metr gaz uchun ham aholi iste’molchilari bazaviy me’yor doirasida, ya’ni 1800 so‘mdan emas, 1000 so‘mdan to‘lov amalga oshiradilar.
Tabiiy gaz iste’molidagi barcha hisob-kitoblar bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarga “Hududgazta’minot” AJ va uning hududiy filiallari tushuntirishlar beradi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ