Toshkent shahrida mart oyida 1-2 xonali xonadonlar uchun ijara narxlari arzonlashmoqda
Xususan, 1 xonali kvartira narxlari $296 dan $411 gacha belgilagan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan 2025-yilning mart oyida Toshkent shahrida uy-joylar uchun taklif etilgan ijara narxlari tahlil qilindi.
2025-yilning yanvar-mart oylarida poytaxtda 1, 2 va 3 xonali turar joylarning o‘rtacha ijara narxlari o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan sezilarli darajada arzonlashgan bo‘lsa, 4 xonali uylarniki Shayxontohur tumanidagi to‘liq ta’mirlangan «lyuks» toifadagi uylar ijarasi hisobiga biroz qimmatlashgan.
O‘rtacha ta’mirlangan uy-joylar ijarasi
2025-yilning mart oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari 2024-yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada arzonlashdi:
- 1 xonali: $296 (o‘tgan yil mart oyiga nisbatan -16.6%);
- 2 xonali: $379 (-4.6%);
- 3 xonali: $454 (-2.9%);
- 4 xonali: $521 (-4.7%).
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun taklif etilgan nisbatan arzon ijara narxlari:
- Sergeli tumani (1 xonali – $297, 2 xonali – $373, 3 xonali – $432, 4 xonali – $443);
- Olmazor tumani (1 xonali – $287, 2 xonali – $347, 3 xonali – $408, 4 xonali – $474).
O‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun eng qimmat ijara narxlari:
- Shayxontohur tumani (1 xonali – $345, 2 xonali – $462, 3 xonali – $582, 4 xonali – $617);
- Yakkasaroy tumani (1 xonali – $381, 2 xonali – $528, 3 xonali – $616, 4 xonali – $700).
To‘liq ta’mirlangan uy-joylar ijarasi
Joriy yilning mart oyida to‘liq ta’mirlangan 1, 2 va 3 xonali turar joylar uchun ijara narxlari ham o‘tgan yilning mart oyidagiga nisbatan arzonlashdi:
- 1 xonali: $411 (o‘tgan yilning mart oyidagiga nisbatan -13,1%);
- 2 xonali: $547 (-15,0%);
- 3 xonali: $728 (-8.5%);
Mazkur davrda 4 xonali uylarning ijara narxi $957 ni (o‘tgan yilning mart oyida – $909) tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 3,1% qimmatlashdi.
Toshkent shahrining to‘liq ta’mirlangan uy-joylar uchun eng arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali – $327, 2 xonali – $417, 3 xonali – $513, 4 xonali – $641), Uchtepa tumani (1 xonali – $386, 2 xonali – $450, 3 xonali – $534, 4 xonali – $625) tumanlarida qayd etilgan.
Xuddi shunday to‘liq ta’mirlangan uy-joylar uchun eng qimmat narxlar esa Mirobod tumani (1 xonali – $484, 2 xonali – $731, 3 xonali – $1027, 4 xonali – $1328) va Shayxontohur tumani (1 xonali – $521, 2 xonali – $732, 3 xonali – $1093, 4 xonali – $1381) tumanlarida qayd etildi.
Ijara narxlari olx.uz platformasidan veb-skreping orqali olingan ochiq ma’lumotlar asosida tahlil qilindi. Bunda 2025-yilning fevral oyi uchun 37,5 mingta va mart oyi uchun 39,4 mingta, 2024-yilning mart oyi uchun 52,2 mingta ma’lumotdan foydalanildi. Har uchta davr uchun tahlillar narxlar chegarasining yuqori va pastki 5% lik kvantillari chiqarib tashlanganidan keyin amalga oshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ