O‘zbekistonda markirovka qoidalarini buzganlik uchun masofaviy tekshiruvlar joriy etiladi
Deputatlar kontrafakt va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash doirasida Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarni birinchi o‘qishda ma’qulladi
O‘zbekistonda markirovka qoidalarini buzganlik uchun masofaviy soliq tekshiruvlari joriy etiladi. Bu boradagi tegishli o‘zgartishlar Soliq kodeksiga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat tovarlarni raqamli identifikatsiyalash samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, “masofaviy soliq tekshiruvi” tushunchasiga aniqlik kiritadi va uni o‘tkazish tartibini soddalashtiradi. Yangi normalar tadbirkorlar uchun sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, shuningdek, davlat budjetiga tushumlarning barqarorligini ta’minlashni ko‘zda tutadi.
Kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, markirovka qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha tekshiruvlar soliq to‘lovchining faoliyat joyiga bormasdan, masofadan turib amalga oshiriladi. Bunday tekshiruvlar faqatgina tadbirkorlik subyektiga mazkur qoidabuzarlik yuzasidan ikki marotaba ogohlantirish berilgandan so‘ng boshlanadi. Bu esa qarorlarni tezroq qabul qilish va noqonuniy faoliyatni erta bosqichda to‘xtatish imkonini beradi.
Qayd etilishicha, mamlakatda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, soxta alkogol va tamaki mahsulotlari, dori vositalari hamda salqin ichimliklar savdosi bilan bog‘liq holatlar hanuz uchrab turibdi. Yangi mexanizm aynan shunday noqonuniy aylanmani erta aniqlash, aholi salomatligini himoya qilish va halol ishlayotgan biznes manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.
Deputatlar masofaviy nazorat tizimi xususiy sektor faoliyatiga asossiz aralashuvlarni kamaytirishini, soliq ma’murchiligini esa yanada ochiq va shaffof qilishini ta’kidladi. Muhokamalar yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 23-may kuni prezident tomonidan mahsulotlarning to‘liq kuzatuvchanligini ta’minlashga qaratilgan qaror tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, markirovka kodlari uchun to‘lov faqat ular mahsulotga tushirilgandan keyin amalga oshiriladi, CRPT Turon operatori esa agregatsiyalangan tovarlar uchun kodlarni bepul taqdim etadi. Shuningdek, iyul oyidan boshlab markirovkalangan mahsulotlar bo‘yicha ulgurji hisob-kitoblar faqat naqdsiz shaklda amalga oshirilmoqda, sentyabrdan esa qoidabuzarliklar yuqori soliq xatari sifatida baholanib, elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirish cheklanishiga olib kelmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ