Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon savdo hajmi $20 mlrdga yetkaziladi
Made in Central Asia brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda
Фото: пресс-служба МИПТ
Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon o‘zaro savdo hajmini sezilarli oshirib, uni $20 mlrdga yetkazishni maqsad qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
13-noyabr kuni Toshkentda o‘tgan savdo va investitsiya bo‘yicha vazirlar kengashining birinchi yig‘ilishida mahsulot yetkazib berish hajmini oshirish asosiy mavzu bo‘ldi. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish choralarini muhokama qildi.
Uchrashuvda mintaqaviy tovar ayirboshlashni maqsad qilingan $20 mlrd ko‘rsatkichga yetkazish mexanizmlari alohida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, yagona Made in Central Asia brendi ostida faoliyat yuritadigan qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun ishtirokchi davlatlarning ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtiradigan sanoat markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Uchrashuvda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini ko‘paytirish uchun xomashyo va texnologik salohiyatni birgalikda ishlatish masalasi ham ko‘tarildi.
Shu bilan birga, bojxona va chegara nazorati tartiblarini soddalashtirish, transport-logistika tizimlarini uyg‘unlashtirish zarurligi ta’kidlandi. Infratuzilma va sanoat loyihalarini rivojlantirish uchun yirik investorlar hamda xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini jalb etish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yil yakunida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan savdo hajmi $6,9 mlrdni tashkil qilgan. Shundan qariyb $4 mlrdi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.
Savdo hajmi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda — Turkmaniston: so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo ikki baravardan ko‘proqqa oshib, $1,15 mlrdga yetgan. Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi qariyb $700 mln, Tojikiston bilan esa $570 mlnni tashkil etgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ