Markaziy bank 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima sanksiyalari qo‘lladi
“Imkon Finans mikromoliya tashkiloti” ning kreditlash, lizing, kafolat va faktoring xizmatlari 3 oyga cheklandi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Markaziy bank tekshiruvlari natijasida qoidabuzarliklar uchun 23 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga jarima sanksiyalari qo‘llandi, deb xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.
Umuman Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan 2025-yilning iyun-iyul oylaridagi 11 ta yigʻilishlarida 59 ta masala koʻrib chiqildi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 37 ta masala ko‘rib chiqildi. Bular jumlasiga:
- kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish – 7 ta;
- yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatga olish – 5 ta;
- kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat – 2 ta;
- mikromoliya banki faoliyatini boshlashga dastlabki ruxsat – 1 ta;
- banklarda audit o‘tkazish huquqi uchun auditorlik malaka sertifikati berish – 2 ta;
- tijorat banklari kuzatuv kengashi, boshqaruv a’zolari va muhim xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish – 20 ta.
Shuningdek, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 22 ta masala muhokama qilindi. Ular Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlariga rioya etilishi, tijorat banklari hamda mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari va jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm hamda ommaviy qirg‘in qurolini moliyalashtirishga qarshi choralarni o‘z ichiga oldi.
Ustav kapitali talablari va tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklar sabab 15 ta to‘lov tashkiloti ogohlantirildi.
Shuningdek, “Imkon Finans mikromoliya tashkiloti” AJga aniqlangan qonunbuzarliklar sabab uch oy muddatga kreditlash, lizing, kafolat va faktoring xizmatlari taqiqlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ