“Malika” bozorida 117 nafar tadbirkor faoliyati legallashtirildi

Soliq xizmatlari tanqid qilingach, savdo va yashirin aylanmani qisqartirish bo‘yicha nazorat kuchaytirildi

“Malika” bozorida 117 nafar tadbirkor faoliyati legallashtirildi

Davlat soliq qo‘mitasi, Toshkent shahar prokuraturasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari “Malika” bozorida 117 nafar shaxs faoliyatini legallashtirdi. Bu haqda idora matbuot xizmati ma’lum qildi.

Savdo majmuasida poytaxt soliq boshqarmasi va nazorat organlari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, yashirin aylanmani qisqartirish hamda savdoda qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Topshiriqlar ijrosi qat’iy nazoratga olingan.

Mas’ullar bozor hududini o‘rganib, tadbirkorlar bilan suhbatlar o‘tkazdi. Ularga shaffof faoliyat yuritish, tushumlarni to‘liq qayd etish, naqdsiz to‘lovlarni kengaytirish va kassa apparatlaridan foydalanish tartiblari tushuntirildi. Shuningdek, elektron hisob-fakturalarni rasmiylashtirish masalalari ham muhokama qilindi.

Monitoring davomida 129 ta yuridik shaxs va 267 nafar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati tekshirildi. Natijada 117 nafar fuqaro rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi. Soliq qo‘mitasi tizimli choralar halol raqobatni ta’minlash va byudjet tushumlarini oshirishga qaratilganini ta’kidladi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev soliq organlarini yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash sustligi uchun tanqid qilib, ayrim rahbarlar qonunbuzarlarga homiylik qilganini qayd etgan edi. Xususan, “Malika” bozorida tadbirkorlarning atigi chorak qismi rasmiy faoliyat yuritgan, dekabr oyida esa savdogarlar bank kartalari orqali qariyb 600 mlrd so‘m tushumni yashirgani aniqlangan. Tekshiruvlar yakunida Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi hamda Toshkent shahar boshqarmasi rahbarlarini lavozimidan ozod etish topshirilgan.

Umuman olganda, Toshkent shahrida yashirin va nazoratdan tashqarida qolayotgan iqtisodiyot hajmi 60 trln so‘mga yetgan. Bu holat natijasida poytaxt budjeti yiliga qariyb 7,5 trln so‘m daromaddan mahrum bo‘lmoqda.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkent viloyatida $15 mlnlik yuqori texnologiyali chip ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi
/
Toshkent viloyatida $15 mlnlik yuqori texnologiyali chip ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi
Jahongir Mirpo‘latov Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
/
Jahongir Mirpo‘latov Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi
2026-yilda Andijon viloyatida $798 mlnlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda
/
2026-yilda Andijon viloyatida $798 mlnlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda