Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi
Shuningdek, joriy yilgi o'quv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya to'lash amaliyotini yo'lga qo'yiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan mahallani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ustuvor islohotlarning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qo‘shimcha 100 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Quyidagilar kasblarni rivojlantirish bo’yicha ustuvor islohotlarning asosiy yo’nalishlari etib belgilandi:
- 2026/2027-o’quv yilidan 7 ta hududda ilg’or kasbiy mahorat texnikumlarida “Kasblar shaharchalari”ni tashkil etib, ular orqali maktab o’quvchilarini zamonaviy kasblarga yo’naltirish;
- 2026/2027-o’quv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya to’lash amaliyotini yo’lga qo’yish;
- hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berishni joriy etish.
Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirib, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasi olib kiriladi.
16-fevral kuni Shavkat Mirziyoyevga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berilgandi. Mazkur loyihalar ilgʻor xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqilgani qayd etilgandi. Ularda prezident tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadli koʻrsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilandi.
Davlat rahbari taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishib, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ