“Madad Invest Bank” rasman “Mybank” nomiga o‘zgartiriladi
Aksiyadorlar bankning firma nomini almashtirish va Kuzatuv kengashi a’zosi vakolatini muddatidan oldin tugatishni tasdiqladi
Фото: Kapital.uz
“Madad Invest Bank” o‘zining rasmiy nomini “Mybank”ka o‘zgartiradi. Bu haqda Openinfo portalida ma’lum qilindi.
2026-yil 10-mart kuni bank aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda kun tartibidagi asosiy masala — firma nomini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqildi. Yig‘ilish ishtirokchilari “Mybank” nomini tasdiqlash uchun ovoz berdi.
Rahbariyatga tegishli o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, litsenziyalarni yangilash hamda mijozlar va hamkorlarni xabardor qilish topshirildi. Shuningdek, muhrlar, blankalar va ichki axborot tizimlarini yangilash ishlari amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, aksiyadorlar Kuzatuv kengashi a’zosi Y.Egamnazarov vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Uning vakolati yig‘ilish o‘tkazilgan kundan boshlab yakunlandi.
Ma’lumot uchun, moliyaviy tashkilot 2024-yil iyun oyidan buyon faoliyatida “Mybank” brendidan foydalanib kelmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ