“Lukoyl” xorijdagi aktivlarini Gunvor Group kompaniyasiga sotadi

Bitim AQShning OFAC idorasi va boshqa regulyatorlarning tasdig‘idan o‘tishi bilan kuchga kiradi

“Lukoyl” xorijdagi aktivlarini Gunvor Group kompaniyasiga sotadi

Rossiyaning “Lukoyl” neft-gaz kompaniyasi o‘zining xorijdagi bo‘linmalarini energiya savdosi bilan shug‘ullanuvchi Gunvor kompaniyasiga sotish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, “Lukoyl” Lukoil International GmbH kompaniyasining 100% ulushini sotib olish bo‘yicha taklif olgan. Ushbu kompaniya “Lukoyl” guruhining barcha xorijdagi bo‘linmalarini boshqaradi. Tomonlar bitimning asosiy shartlarini kelishib oldilar. “Lukoyl” Gunvor taklifini qabul qilib, boshqa ehtimoliy xaridorlar bilan muzokara o‘tkazmaslik majburiyatini olgan.

Yakuniy shartnoma bir necha shartlar bajarilgandan keyin imzolanadi. Ulardan biri — Gunvor tomonidan AQSh Moliya vazirligining Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) va boshqa yurisdiksiyalardagi zarur ruxsatlarni olishdir.

Zarurat tug‘ilganda tomonlar OFAC tomonidan berilgan amaldagi litsenziyani va boshqa ruxsatnomalarni uzaytirishni so‘rashadi. Bu bitim yopilmaguncha xalqaro bo‘linmalar faoliyatining barqarorligini va ularning bank xizmatlaridan foydalanishini ta’minlash uchun zarur.

“Lukoyl”da qayd etilishicha, xorijdagi aktivlarni sotish qarori kompaniya va uning sho‘ba korxonalariga nisbatan ayrim davlatlar tomonidan joriy etilgan cheklovlar bilan bog‘liq.

Gunvor — bosh qarorgohi Shveytsariyada joylashgan, dunyodagi eng yirik energiya treyderlaridan biridir. Kompaniya asoschilaridan biri biznesmen Gennadiy Timchenko bo‘lgan (uning boyligi $23,2 mlrd deb baholanadi). U 2014-yilda sanksiyalar joriy etilishidan xavotirlanib, o‘zining 44% ulushini sherigi Torbjørn Törnkvistga sotgan. Hozirda Timchenko AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya va boshqa davlatlar sanksiyalari ostida.

Gunvor Group Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan. Uning ofislari Jeneva, Dubay, Singapur va Nassau shaharlarida, vakolatxonalari esa Moskva va Olmaotada joylashgan.

Avvalroq, 22-oktabr kuni, OFAC “Lukoyl”ni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan va 21-noyabrga qadar kompaniya hamda uning sho‘ba korxonalari (50% dan ortiq ulushga ega) bilan operatsiyalarni to‘xtatish muddatini belgilagan. Shu sanadan so‘ng AQSh va boshqa davlatlarning moliyaviy muassasalariga bu kompaniyalarga yordam ko‘rsatish taqiqlanadi, aks holda ular ikkilamchi sanksiyalarga duch keladi. 27-oktabrda “Lukoyl” xorijdagi bo‘linmalarini sotish rejasini e’lon qildi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” va “Lukoyl” AQSh sanksiyalarining O‘zbekistondagi qo‘shma loyihalarga ta’sirini muhokama qildi. “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Bahodir Sidikovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hozircha “Lukoyl”ning ulushlarini sotib olish masalasini ko‘rib chiqmayapti. U aytishicha, 21-noyabrga qadar aktivlarni sotib olish rejalashtirilgan qisqa muddat sababli real emas, chunki bu jarayon narxni kelishish kabi murakkab bosqichlarni talab qiladi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda dollar kursi to‘rt kunlik pasayishdan so‘ng yana ko‘tarila boshladi
/
O‘zbekistonda dollar kursi to‘rt kunlik pasayishdan so‘ng yana ko‘tarila boshladi
O‘zbekiston va Slovakiya bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytiradi
/
O‘zbekiston va Slovakiya bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytiradi
Nvidia tarixda birinchi marta kapitalizatsiyasi $5 trlnga yetgan kompaniyaga aylandi
/
Nvidia tarixda birinchi marta kapitalizatsiyasi $5 trlnga yetgan kompaniyaga aylandi