Logistika xizmatlari: ularning ishlash tartibi qanday
O‘zbekistonda logistlar qancha daromad topadi

Bugungi kunda logistika sohasining ahamiyati ortib bormoqda. Har bir kompaniya va mamlakat uchun samarali logistika tizimiga ega bo‘lish biznesni optimallashtirishda va xarajatlarni kamaytirishda muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston logistika tizimini rivojlantirish va uning turlarini kengaytirish orqali global miqyosda raqobatbardoshligini oshirayotgan bir paytda, ombor logistikasi, transport logistikasi, ta’minot zanjiri boshqaruvi kabi tarmoqlarda yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Ushbu maqolada logistika turlari, uning O‘zbekistondagi rivojlanishiga doir ma’lumotlar va eng yirik logistika kompaniyalari haqida gaplashamiz.
Logistika nima?
Logistika — bu mahsulotlar va xizmatlarning harakati, saqlanishi, tarqatilishi va taqsimlanishi bilan bog‘liq jarayonlar majmuasi. Bu jarayonlar tovarlarning ishlab chiqaruvchidan kerakli vaqtda iste’molchiga yetkazib berilishiga qaratilgan.
Logistika odatda ikki xil uslubda yo‘lga qo‘yiladi.
Birinchisi, “in-source” — ichki manba yordamida, ya’ni biror kompaniyani o‘zida shunday xizmat bo‘ladi. Bunday holatlar kompaniya uchun qo‘shimcha bo‘lim va qo‘shimcha resurs talab qiladi.
Ikkinchisi, “out-source” — tashqi manba yordamida, ya’ni biror kompaniyani logistika xizmatini tashqi manba asosida foydalaniladi. Yuqorida aytilganidek, bunday holatlarda qo‘shimcha bo‘lim va qo‘shimcha resurs talab qilinmaydi.
Logistika turlari:
- Transport logistikasi — ichki va xalqaro transportni o‘z ichiga oladi, masalan, xalqaro yuk tashish, temiryo‘l transporti, avtomobil va havo yo‘llari orqali yuklarni yetkazib beradi.
- Ombor logistikasi — u turdagi logistika omborlarni boshqarish, saqlash tizimlari, WMS (Warehouse Management Systems) tizimlarini o‘rnatish va ilg‘or texnologiyalar orqali ombor ishlarini avtomatlashtirishni o‘z ichiga oladi.
- Ta’minot zanjiri logistikasi (Supply Chain Logistics) — bu ishlab chiqarish, materiallar va mahsulotlar zanjirini tashkil etadi va tovarlar kelib tushganidan to ularni xaridorlarga yetkazib berishga qadar barcha jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
- Inventar logistika — tovarlarning ombordagi mavjudligini nazorat qilish, miqdorini tahlil qilish va kerakli bo‘lgan paytda resurslarni yangilashni ta’minlash jarayonidir.
- Reverse logistika — bu mahsulotlar yoki materiallarning iste’molchilardan qaytarilishi va ularni qayta ishlash yoki zaruriyat bo‘yicha boshqarish jarayonidir. Bu xizmat mahsulotlar nosoz bo‘lsa yoki qaytarilsa, qayta ishlash, to‘liq tiklash yoki zararsizlantirishni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekistonda logistika kompaniyalari xalqaro yuk tashish, omborxona xizmatlari, distribyutsiya va bojxona rasmiylashtiruvi, shuningdek, elektron tijorat uchun logistika yechimlari yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadi.
Quyida dunyodagi mashhur va yetakchi logistika kompaniyalari keltirilgan:
- DHL – bu Germaniyaning eng yirik logistika va transport kompaniyalaridan biri bo‘lib, xalqaro ekspress yetkazib berish va logistika xizmatlarini taqdim etadi.
Xizmatlar: Xalqaro yuk tashish, kurerlik xizmatlari, ombor logistikasi, xususiy transport xizmatlari.
- FedEx — AQShda joylashgan xalqaro yetkazib berish va logistika kompaniyasi. U tezkor pochta xizmatlari, yuk tashish va ombor boshqaruvi bo‘yicha keng qamrovli xizmatlar ko‘rsatadi.
Xizmatlar: Tezkor pochta, xalqaro tashish, biznes logistika, ombor boshqaruvi.
- UPS — AQShning yirik logistika va yetkazib berish kompaniyasidir. U global miqyosda yuk tashish, pochta xizmati va logistika xizmatlarini taqdim etadi.
Xizmatlar: Pochta va kurer xizmati, yetkazib berish, ombor boshqaruvi, elektron tijorat uchun logistika xizmatlari.
- Maersk Line — dunyoning eng yirik konteynerli transport kompaniyalaridan biri bo‘lib, xalqaro dengiz transporti va logistika xizmatlari ko‘rsatadi.
Xizmatlar: Dengiz transporti, konteynerli tashish, logistika va ta’minot zanjiri boshqaruvi, xalqaro yuk tashish.
- Kuehne + Nagel — Shvetsariyada joylashgan va global miqyosda logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya. U yuk tashish va logistika bo‘yicha keng xizmatlarni taqdim etadi.
Xizmatlar: Xalqaro transport, konteynerli tashish, ombor logistikasi, ta’minot zanjiri boshqaruvi.
Logistika kompaniyalari mahsulot-tovarlarni tez va arzon yetkazib berishga harakat qilishadi. Bunda ularga zamonaviy texnologiyalar va tizimli ish tartibi yordam beradi.
Kapital.uz avvalroq O‘zbekistonda transport-logistika tizimida yangi raqamli platforma ishga tushirilgani haqida xabar bergan edi. E-logistika platformasi orqali raqamli orqali yuk tashuvlari va logistika xizmatlari to‘liq raqamlashtirildi. Bu esa xarajatlarni kamaytirish, tashuv jarayonlarini tezlashtirish va logistika xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Ayni vaqtda mamlakatda yuklarni xalqaro tashishni tashkil etishda transport-ekspeditorlik xizmatlariga QQS nol stavkada qo’llaniladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda transport-logistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi mavjud. Unga ko‘ra, quyidagi ko’rsatkichlar va indikatorlar belgilangan:
- avtomobil, temir yo‘l va havo transportida xalqaro yuk tashish umumiy hajmini kamida 2 baravarga oshirish;
- transport va logistika xizmatlari eksportini 2 baravargacha oshirish;
- konteynerlarda yuk tashish ulushini kamida 1,5 barobarga oshirish;
- Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) O‘zbekistonning o‘rnini 55-pog’onadan past bo‘lmagan darajagacha ko‘tarish.
Bugungi kunda mamlakatda logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi yirik kompaniyalar sifatida “STARWAYS LOGISTICS”, “ARDENA TRANSPORT LLC”, “BALTCRAFT LLC”, “PRIME SHIPPING LLC”, “ABC Logistics” kabilar faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekistonda logistika sohasida ishlovchi mutaxassislarning daromadi lavozim, tajriba, kompaniya hajmi va boshqa omillarga qarab farq qiladi. Quyida ushbu sohadagi maoshlar haqida ma’lumot keltirilgan:
- Minimal oylik daromad: 3-4 mln so‘mdan boshlanadi;
- O‘rtacha oylik daromad: 10 mlnn so‘m atrofida;
- Maksimal oylik daromad: 25 mln so‘m yoki undan yuqori bo‘lishi mumkin.
2025-yilda yangi global yo‘nalishlar shakllanishda davom etadi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston xalqaro logistikaga faol integratsiyalanmoqda. O‘zbekistonlik logistika va transport kompaniyalari uchun ustuvor rivojlanish yo‘llaridan biri Xitoy yo‘nalishi bo‘ladi. Agar oldin Xitoydan va Xitoyga yuklarning katta qismi temir yo‘l orqali tashilgan bo‘lsa, bugungi kunda biz bu yo‘nalishda avtomobilda yuk tashish o‘sayotganini ko‘rish mumkin.
Jumladan, Xitoy kompaniyasi Samarqandda logistika markazi qurishni rejalashtirmoqda. Bu boʻyicha viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Aziz Boboyev Xitoyning “Indra group limited” kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazgan. Yirik logistik markazni Pastdarg‘om tumanida qurish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Prezident Mirziyoyevning 14-fevraldagi qaroriga koʻra, joriy yilda O‘zbekistonning 10 ta tumanida kichik logistika markazlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Xususan, Asaka, Kitob, Baxmal, Xatirchi va Farg‘ona tumanlarida, 2026-yilda esa qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan tumanlarda sig‘imi 100 tonnadan kam bo‘lmagan muzlatkichli sig‘imlar, urug‘lik, ko‘chat, kimyoviy vositalar va mineral o‘g‘itlarni tarqatish markazlari barpo etiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ