Litsenziya talablari buzilgani haqida xabar berganlarga jarimaning 10%i to‘lanadi

Yangi tartib 8-dekabrdan kuchga kirishi belgilandi

Litsenziya talablari buzilgani haqida xabar berganlarga jarimaning 10%i to‘lanadi

Vazirlar Mahkamasi 4-sentabr kuni litsenziya va ruxsat berish talablari buzilishi haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibini tasdiqladi. Qaror Lex.uz’da e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, fuqarolar va tashkilotlarga jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan litsenziya va ruxsatnomalar berishda, shuningdek, faoliyatni boshlash to‘g‘risida bildirishnoma yuborishda belgilangan talablarning bajarilmagani haqida xabar bergani uchun pul mukofoti beriladi. Mazkur mexanizm jamoatchilik nazoratini rivojlantirishga qaratilgan.

Xabar bergan shaxsga to‘lanadigan mukofot miqdori qoidabuzarga solingan jarimaning 10% ini tashkil etadi.

Qoidabuzarlik haqida elektron “Litsenziya” tizimi yoki Adliya vazirligining mobil ilovasi orqali xabar berish mumkin. Ariza beruvchi pasport ma’lumotlari — JShShIR yoki STIR, aloqa telefon raqami hamda bank kartasi yoki hisobvarag‘i raqamini ko‘rsatishi kerak.

Shuningdek, arizaga qoidabuzarlik faktini tasdiqlovchi tahrirlanmagan foto yoki videomateriallar, ularning olingan sanasi va vaqti ilova qilinishi lozim. Videoning davomiyligi 120 soniyagacha, ya’ni 2 daqiqagacha bo‘lishi mumkin.

Agar qoidabuzarlik bo‘yicha tekshiruv allaqachon o‘tkazilayotgan bo‘lsa yoki taqdim etilgan ma’lumotlar tasdiqlanmasa, ariza ko‘rib chiqilmaydi. Shuningdek, xabarda ko‘rsatilgan faoliyatni amalga oshirish uchun kompaniyada amaldagi litsenziya, ruxsatnoma yoki bildirishnoma mavjudligi ham arizani rad etish uchun asos bo‘ladi.

Vakolatli organ arizani ko‘rib chiqishni rad etgan taqdirda, bu haqda ariza beruvchini 3 ish kuni ichida xabardor qilishi kerak.

Ariza ko‘rib chiqishga qabul qilinganidan so‘ng, uni o‘rganish uchun 10 ish kunigacha vaqt ajratiladi. Ma’lumotlar tasdiqlangan taqdirda, vakolatli organ jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va ariza beruvchiga SMS yoki “Litsenziya” tizimi orqali xabar yuboradi.

Shundan so‘ng ariza beruvchi undirilgan jarimaning 10%i miqdoridagi mukofotni olishi mumkin. Mablag‘ jarima to‘langanidan keyin bir ish kuni ichida uning bank kartasi yoki hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligiga bir oy muddatda Yagona billing tizimi va g‘aznachilik tizimlarida ariza beruvchilarga to‘lovlarni amalga oshirish mexanizmini sozlash topshirildi. Adliya vazirligi esa ikki oy muddatda qoidabuzarliklar haqida xabar yuborish imkoniyatini ishga tushirishi kerak.

Yangi tartib qaror e’lon qilinganidan uch oy o‘tib — 8-dekabrdan kuchga kiradi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni sutkasiga 4,36 mln kub metrga oshirishni rejalashtirmoqda
/
“O‘zbekneftgaz” gaz qazib olishni sutkasiga 4,36 mln kub metrga oshirishni rejalashtirmoqda
Markaziy bank kredit qarzlarini undirishda kartalarda 680 ming so‘m saqlanib qolishini taklif qilmoqda
/
Markaziy bank kredit qarzlarini undirishda kartalarda 680 ming so‘m saqlanib qolishini taklif qilmoqda
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi
/
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qimmatlashdi