“Leapmotor” O‘zbekistonda rasmiy faoliyatini boshlaydi
Kompaniya faqat rasmiy distribyutor orqali ish olib borishni rejalashtirgan. Norasmiy yo‘l bilan olib kirilgan avtomobillarga kafolat berilmaydi va texnik xizmat ko‘rsatilmaydi

Xitoyning “Leapmotor” avtomobil kompaniyasi O‘zbekistonda rasmiy faoliyatini boshlashga tayyorlanmoqda. 2025-yil 13-aprelda kompaniya Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va «UzTest» davlat muassasasiga xat yo‘llab, o‘z rejalarini ma’lum qildi.
Xatida Leapmotor C16 rusumidagi ba’zi avtomobillar mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan – distribyutorlar orqali ruxsatsiz olib kirilganini e’tirof etdi. Kompaniya yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish va rasmiy faoliyat shartlarini taqdim etishga va’da berdi.
“Leapmotor” ning asosiy bayonotlari:
- Kompaniya faqat rasmiy distribyutor orqali faoliyat yuritadi.
- Noqonuniy yo‘l bilan kiritilgan avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatilmaydi va kafolat taqdim etilmaydi.
- Muvofiqlik sertifikatini olish uchun zarur bo‘lgan barcha sinovlar yaqin kunlarda yakuniga yetkaziladi.
“Leapmotor” avtomobillarning sifati va xavfsizligini nazorat qilish maqsadida UzTest bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.
Tomonlar “Leapmotor” avtomobillari barcha standartlarga mos kelishi va xaridorlar uchun xavfsiz bo‘lishini ta’minlash maqsadida birgalikda ishlashga kelishib oldilar. UzTest bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va mazkur jarayonda faol ishtirok etishga va’da berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ