Kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oshirilmaydi
Energetika vaziri ma’lum qilishicha, narxlari kelasi yili may oyida qayta ko'rib chiqiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda joriy yilgi kuz-qish mavsumida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari oshirilmasligi ma’lum bo‘ldi.
Bu haqda Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ma’lum qildi. Vazirning qayd etishicha, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari kelasi yili may oyida inflyatsiya darajasida indeksatsiya qilinadi.
Gaz va elektr energiyasiga yangi tariflar 1-maydan kuchga kirgan edi. 1-maydan boshlab elektr energiyasi uchun bazaviy tarif (oyiga 200 kVt/soat doirasida) 450 so‘mdan 600 so‘mga, gaz uchun 650 so‘mdan ming so‘mgacha oshirilgan.
Amaldagi narxlar qanday?
Vazirlar Mahkamasi qarorida 2025-yil apreldan boshlab elektr energiyasi isteʼmolchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy isteʼmolchilar uchun bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 300 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 500 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 750 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 875 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 1 000 so‘mdan etib belgilangandi.
Isteʼmolchilarning I guruhiga kiruvchi qismi o‘zgarishsiz – 1 kVt/soat uchun 1 000 so‘m etib belgilangandi. II guruh isteʼmolchilar uchun ham bir kilovatt soat elektr energiyasi 1000 so‘mdan yetkazib berilishi belgilangandi. Isteʼmolchilarning IV guruhi ham shu sanadan eʼtiboran bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘mdan to‘lashi ko‘zda tutilgandi.
Qolgan maishiy isteʼmolchilar uchun esa bir oydagi isteʼmoldan kelib chiqib quyidagicha belgilangandi:
- oyiga 200 kVt/soatgacha – 600 so‘m;
- oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt/soatgacha – 1 000 so‘m;
- oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt/soatgacha – 1 500 so‘m;
- oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt/soatgacha – 1 750 so‘m;
- oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori – 2 000 so‘m.
Aholining kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun isteʼmol qiladigan tabiiy gazi uchun narxlar quyidagicha o‘zgarishi ko‘zda tutilgandi:
- oyiga 500 kub metrgacha – 1 000 so‘m;
- oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha – 1 800 so‘m;
- oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha – 2 100 so‘m;
- oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha – 2 500 so‘m;
- oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz isteʼmol qiladiganlar bir kub metr uchun 3 000 so‘m.
Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib berilishi belgilangan bo‘lsa, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari buning uchun 1 800 so‘mdan to‘lanadi.
Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun to‘lov 2 000 so‘m bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ