O‘zbekistonda kriptokompaniyalar uchun bozorga kirish talablari kuchaytirildi
Milliy istiqbolli loyihalar agentligi litsenziyani obro‘, mablag‘ manbai va real faoliyatga qarab rad etishi mumkin
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda kriptovalyuta xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar uchun litsenziya olish tartibi yanada qat’iylashtirildi. Tegishli hujjat Jamoatchilik muhokamalari portalida e’lon qilindi.
Yangi qoidalarga ko‘ra, bozorni tartibga soluvchi organ — Milliy istiqbolli loyihalar agentligi faoliyatiga “asoslangan baholash” (obоснованное суждение) usuli joriy etildi. Endilikda hujjatlarning rasmiy to‘g‘riligi emas, balki kompaniyaning real faoliyati, moliyaviy oqimlari, mulkdorlar tarkibi va biznes maqsadlari asosiy mezon bo‘ladi.
Agar regulyatorda mablag‘larning kelib chiqishi, benefitsiarlar halolligi yoki kompaniya faoliyatining shaffofligiga nisbatan shubha paydo bo‘lsa, litsenziya berish rad etiladi.
Shuningdek, bozor ishtirokchilari va rahbarlarning ishbilarmonlik obro‘siga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirildi. Endi faqat sud hukmlari emas, balki iqtisodiy huquqbuzarliklarga aloqadorlik haqidagi ma’lumotlar ham rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin. Shu orqali hukumat moliyaviy tizim xavfsizligini ta’minlashni maqsad qilgan.
Aholini himoyalash uchun kriptokompaniyalar zimmasiga qo‘shimcha majburiyatlar ham yuklatildi. Ular foydalanuvchilarga:
- raqamli aktivlar mamlakatda qonuniy to‘lov vositasi emasligini;
- davlat operatsiyalar uchun javobgar emasligini;
- investitsiyalar kafolatlanmasligini;
- kurs o‘zgarishi, texnik nosozliklar yoki xakerlik hujumlari sabab mablag‘lar yo‘qotilishi mumkinligini rasman ogohlantirishi shart bo‘ladi.
Yangi tartiblar kripto bozorida shaffoflikni oshirish, noqonuniy faoliyatning oldini olish va investorlar manfaatlarini himoyalashga qaratilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ