O‘zbekistonda kriptokartalar va stabil tokenlar asosida to‘lov tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda

Bu orqali do‘konlarda bemalol xaridlarni amalga oshirish mumkin, sotuvchi esa to‘lovni so‘mda qabul qiladi

O‘zbekistonda kriptokartalar va stabil tokenlar asosida to‘lov tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda tashqi savdo va chakana savdoda kriptovalyutalarda to‘lovlarga ruxsat berilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 18-mart kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar doirasida kriptovalyutalarda to‘lovlarni sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bizda allaqachon amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar doirasida kriptovalyutalarda to‘lovlarni sinovdan o‘tkazish rejasi bor. Birinchisi — taqsimlangan reyestr, ya’ni blokcheyn asosida to‘lov tizimini yaratish. Ikkinchisi — tashqi savdo hisob-kitoblarida foydalanish. Uchinchisi — chakana savdoda qo‘llash, — dedi u.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari ta’kidlashicha, steyblkoinlardan foydalanish vositachilarni istisno etish, tranzaksiya xarajatlarini kamaytirish va hisob-kitoblar tezligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Uning aytishicha, an’anaviy tashqi savdo operatsiyalarida SWIFT banklararo tizimi orqali amalga oshiriladigan o‘tkazmalar uch kundan bir haftagacha vaqt olishi mumkin.

Agar blokcheyn asosida to‘lov tizimi yaratilsa, operatsiyalar bir necha daqiqa yoki hatto soniyalar ichida, barcha vositachilarni chetlab o‘tgan holda amalga oshiriladi. Hozir hisob-kitoblar qanday bo‘lishini bilasiz: ‘A’ bank mablag‘ni ‘B’ bankka o‘tkazadi va har bir bosqichda alohida komissiya yuzaga keladi. Bu yerda esa vositachilar chiqarib tashlangani hisobiga komissiyalar va tranzaksiya xarajatlari minimallashtiriladi, — deya ta’kidladi Pak.

Mazkur holat bo’yicha ILMA Kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Askarjon Zakirov Kapital.uz nashriga ma’lum qilishicha, bu yerda kriptokarta haqida gap ketyapti.

Kriptokarta — bu shunday texnologiyaki, sizda ma’lum bir karta bo‘ladi va hisobingizda kriptoaktivlar mavjud bo‘ladi. Ya’ni bu bitkoin, farqi yo‘q, USDT yoki boshqa turdagi stabil tokenlar bo‘lishi mumkin. Siz ushbu karta bilan bemalol do‘konlarga kirib, to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin.

Lekin bunda fuqaro tovar va xizmatlar uchun bevosita kriptoaktivlar bilan to‘layapti degani emas. Aslida ichki mexanizm qanday ishlaydi?

Birinchidan, siz ro‘yxatdan o‘tgan birja yoki platforma sizdagi ma’lum miqdordagi kriptoaktivlarni fiat pulga sotib oladi va shu mablag‘ni savdo nuqtasiga (merchantga) to‘lovni yopish uchun yuboradi. Ya’ni mohiyatan kriptovalyuta fiat pulga konvertatsiya qilinadi va yakunda merchant fiat oladi.

Endilikda mijozlar do‘konga kirib, kriptokartadan foydalanganda, oxir-oqibat do‘kon egasi so‘mda to‘lovni qabul qiladi. Kripto esa ro‘yxatdan o‘tilgan va profil ochilgan kriptobirja ekotizimi doirasida qoladi.

Stabil tokenlarni to‘lov vositasi sifatida qo‘llash rejalari haqida

ILMA matbuot xizmati bu borada bizga topshiriq berilganini, hozirda Markaziy bank bilan birgalikda regulyator qumdoni yaratishga qaratilgan hujjat loyihasini ishlab chiqilayotganini qo’shimcha qildi. Regulyator qumdoni doirasida stabil tokenlardan to‘lov vositasi yoki to‘lovni qabul qilish vositasi sifatida foydalanish bo‘yicha pilot loyihalar sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu stabil tokenlar kelgusida chakana savdoda, transchegaraviy savdoda va boshqa yo‘nalishlarda qo‘llanilishi mumkin.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

“O‘zminda” kompaniyasidagi davlat ulushi sotuvga qo‘yildi
/
“O‘zminda” kompaniyasidagi davlat ulushi sotuvga qo‘yildi
Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazida yakuniy tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi
/
Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markazida yakuniy tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi
“Uzbekistan Airports” 10 yillik rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish uchun tender e’lon qildi
/
“Uzbekistan Airports” 10 yillik rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish uchun tender e’lon qildi