O‘zbekistonda kriptoaktivlarni musodara qilish bo‘yicha yangi tartib belgilandi
Endilikda mablag‘lar tergov organlarining kripto-hamyoniga o‘tkaziladi
iStock
Tergovoldi tekshiruv davomida kriptoaktivlarni musodara qilish tartibi belgilandi. Bu haqidagi hujjat Milliy qonunchilik bazasida e’lon qilinib, 28-dekabrdan kuchga kirdi.
Unga ko‘ra, musodara qilinadigan mablag‘lar tergov organlarining tegishli kriptovalyuta hamyoniga o‘tkaziladi.
Tergov organlari kriptoaktivlarga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha dalillar va ma’lumotlar quyidagilarda aniqlanishi mumkin:
- Axborot tashuvchilarda (kompyuter, telefon, USB va boshqalar);
- Kriptovalyuta hamyonlarida (Ledger, Trezor, KeepKey, Coldcard, Bitlox, Blochstech va boshqalar);
- Qog‘oz, daftar va boshqa buyumlarga qo‘lda yozilgan qaydlarda.
Shundan so‘ng, dalil sifatida aniqlangan obyektlar ekspert ishtirokida ko‘zdan kechiriladi va ular moddiy, yozma yoki raqamli dalil sifatida e’tirof etilishi mumkin.
Endilikda kriptoaktivlarga oid huquqbuzarliklar aniqlanganda axborot tashuvchilari tekshirilib, blokcheyn manzili bo‘yicha tranzaksiyalarni tahlil qilinadi. Shuningdek, Sud-kompyuter texnik ekspertizasi tayinlanib, bank siriga oid va boshqa tegishli tashkilotlarga so‘rov yuborilishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ