Fevral oyida kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 1,1% punktga pasaydi — MB
Jismoniy shaxslarga kreditlar 21,0% stavka bilan, yuridik shaxslar uchun esa 20,5% darajasida ajratilgan
Фото: Kapital.uz
O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil fevral holatiga ko‘ra bank depozitlari va kreditlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, milliy valyutadagi jami kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 20,7%ni tashkil etib, oy davomida 1,1% punktga pasaygan. Yillik hisobda ham stavkalar biroz kamaygan.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar stavkasi 21,0% atrofida shakllangan bo‘lsa, yuridik shaxslar uchun bu ko‘rsatkich 20,5%ni tashkil etgan. Shu bilan birga, uzoq muddatli kreditlar bo‘yicha pasayish nisbatan sezilarli bo‘lgan.
Depozitlar bozorida esa nisbatan barqarorlik saqlangan. Jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 19,0%ni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan biroz oshgan, biroq yillik kesimda pasayish qayd etilgan.
Aholi depozitlari bo‘yicha stavkalar 20,4% atrofida shakllangan bo‘lsa, yuridik shaxslar depozitlari 17,3% darajasida bo‘lgan.
Shu bilan birga, chet el valyutasidagi depozitlar bo‘yicha stavkalar 4,5% atrofida qolgan, kreditlar esa o‘rtacha 10,4% darajasida shakllangan. Bu ko‘rsatkichlar keskin o‘zgarishsiz saqlanib qolgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ