2024-yilda O‘zbekistonda firibgarlik bilan bog‘liq kreditlar bo‘yicha murojaatlar 42% ga oshdi
Xususan, fuqarolarning roziligisiz kredit rasmiylashtirish holatlari ko‘paygan, ba’zi hollarda bir jabrlanuvchining nomiga oltitagacha kredit rasmiylashtirilgan

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2024-yilda O‘zbekistonda firibgarlik bilan bog‘liq kreditlar bo‘yicha murojaatlar soni 2023-yilga nisbatan 42% ga oshdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) matbuot xizmati xabar berdi.
Shikoyatlarning 60% ida o‘zini Click kompaniyasi yoki Markaziy bank xodimi sifatida tanishtirgan shaxslar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini qo‘llab, ularning nomiga onlayn kreditlar rasmiylashtirgan. Ayrim hollarda bir fuqaroning nomiga besh-oltitagacha kredit turli banklarda rasmiylashtirilgan.
Mazkur murojaatlar bo‘yicha ichki ishlar organlari tijorat banklariga aybdorlar aniqlanguniga qadar foizlarni hisoblash va qarzlarni undirishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma yuborgan, chunki bu kreditlardan fuqarolar foydalanmagani aniqlangan va ular da’vogar sifatida chiqishgan.
O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, tergovchining ish bo‘yicha ko‘rsatmalari barcha korxona, tashkilot va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir. Ammo banklar firibgarlikdan jabr ko‘rgan fuqarolardan qarzlarni to‘lashni talab qilishda davom etgan.
Ombudsman fuqarolar manfaatlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 5 ta da’vo arizasi kiritdi. Natijada kredit shartnomalari haqiqiy emas deb topilgan. Bir holatda fuqaroning nomiga rasmiylashtirilgan mablag‘lar qaytarilgan va unga ma’naviy zarar uchun kompensatsiya tayinlangan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan onlayn kreditlar bilan bog‘liq 463 ta firibgarlik holati aniqlangan bo‘lib, bu holatlar jami 15 mlrd so‘m moddiy zarar keltirgan.
Firibgarlikdan himoyalanish va axborot xavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi ehtiyot choralari tavsiya etiladi:
- Pasport ma’lumotlari, bank kartasi raqamlari va PIN-kodlarni oshkor qilmang;
- Shaxsiy ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda yoki notanish shaxslarga bermang;
- Telefoningizga kelgan tasdiqlash kodlari, parollar yoki bank ilovalariga kirish ma’lumotlarini hech kimga oshkor qilmang;
- Ijtimoiy tarmoqlar yoki elektron pochta orqali kelgan shubhali fayllar, hujjatlar yoki havolalarni yuklab olmang, chunki ular viruslar yoki zararli dasturiy ta’minot bo‘lishi mumkin;
- Notanish, ayniqsa, chet el raqamlaridan kelgan qo‘ng‘iroqlar yoki videoqo‘ng‘iroqlarga javob bermang;
- Kimdir bank yoki boshqa tashkilot xodimi sifatida o‘zini tanishtirsa, uning shaxsini rasmiy kanallar orqali tasdiqlashni so‘rang.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ