Prezident kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha Respublika kengashi tarkibini tasdiqladi
Tuzilma rahbari etib Gayane Umerova tayinlandi
Фото: Сourtesy of ACDF
Shavkat Mirziyoyev kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha Respublika kengashi tarkibini tasdiqladi. Tegishli qarorga ko‘ra, kengash 15 nafar a’zodan iborat bo‘ladi.
Kengash raisi etib Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari Gayane Umerova tayinlandi. Tarkibga quyidagilar kiritildi:
— Sherzod Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri;
— Ozodbek Nazarbekov — madaniyat vaziri;
— Akbar Tashkulov — adliya vaziri;
— Behzod Khamrayev — statistika qo‘mitasi raisi;
— Farrukh Pulatov — soliq qo‘mitasi rahbari;
— Ilhom Norkulov — iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari;
— Davron Vakhabov — Savdo-sanoat palatasi rahbari;
— Jakhongir Akhmedov — Bolalar kontentini rivojlantirish markazi direktori;
— F. Usmonov — Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi direktori;
— Khusan Salikhov — Kreativ industriya parki direksiyasi rahbari;
— Azizbek Mannopov — Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rahbari o‘rinbosari.
Shuningdek, kengash tarkibiga tadbirkorlik subyekti vakili hamda rais tomonidan tanlanadigan ikki nafar ekspert qo‘shimcha ravishda kiritiladi.
Kengashning asosiy vazifalari qatoriga soha faoliyat turlarini klassifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, yangi o‘sish nuqtalarini aniqlash, mahalliy loyihalarni global bozorlarga olib chiqish va kontent monetizatsiyasini rivojlantirish kiradi. Tuzilma davlat idoralari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, kadrlar malakasini oshirish hamda mualliflik huquqlarini himoya qilishni ham ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2030-yilga borib kreativ sektorning O‘zbekiston YAIMidagi ulushi 5% ga, ya’ni 145 trln so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, eksport hajmini 1 mlrd dollarga chiqarish va 500 ming nafar aholini ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. 2026–2027-yillarda ixtisoslashgan park infratuzilmasini barpo etish, jumladan, raqamli dizayn maktabi, ijodiy ustaxonalar va zamonaviy ofislar ochish ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ