O‘zbekistonda kreativ xizmatlar eksporti 2030-yilgacha $1 mlrddan oshiriladi
Shuningdek, bunday loyihalar doirasida 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan
O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyot 2030-yilgacha YAIMning 5% iga yetkaziladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori imzolandi. Bu 145 trln so‘m hajmni anglatadi.
Shuningdek, kreativ industriya mahsulotlari va xizmatlari eksporti $1 mlrddan oshiriladi. Sohada amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Hujjatda 2026 – 2027-yillarda Kreativ industriya parki infratuzilmasini bosqichma-bosqich tashkil etish nazarda tutilgan. Birinchi bosqichda loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Park hududida sayr qilish va hordiq chiqarish uchun yashil bog‘ barpo etiladi. Unda art-obyektlar va monumental san’at asarlari joylashtiriladi. Shuningdek, raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishida nufuzli xalqaro maktab faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Loyiha doirasida buk-kafe, sport va workout maydonchalari, mehmonxona ham tashkil etiladi. Bundan tashqari, badiiy ijodkorlar pavilyoni, kreativ ustaxonalar, ekologik ofis xonalari va kovorking markazi barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ