Janubiy Koreya O‘zbekistonda intellektual mulkni raqamlashtirish uchun $9,7 mln ajratadi
O‘zbekiston sun’iy intellekt asosidagi koreys patent tizimini birinchi bo‘lib joriy etadi
Toshkent shahrida intellektual mulkni boshqarish bo‘yicha Janubiy Koreyaning K-IPAS tizimini joriy etish loyihasi ishga tushirildi. Mazkur loyiha uchun Seul tomonidan $9,7 mln miqdorida moliyaviy mablag‘ ajratiladi.
Loyiha 2029-yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi O‘zbekistonda intellektual mulkni boshqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirishdan iborat. Shu doirada patentlarni avtomatik izlash va tasniflash uchun sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi.
Qayd etilishicha, bu Janubiy Koreyaning sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimini ilk bor xorijiy davlatda tatbiq etish holati hisoblanadi. Mutasaddilar ushbu texnologiyalar idoralar faoliyatini yanada samarali qilishini hamda tadbirkorlar uchun jarayonlarni soddalashtirishini kutmoqda.
Loyiha amalga oshirilishi natijasida O‘zbekiston Markaziy Osiyoda koreys modelini joriy etish va tarqatish bo‘yicha mintaqaviy markazga aylanishi rejalashtirilmoqda.
Intellektual mulk bo‘yicha axborot departamenti direktori Chon Je Xvan ta’kidlashicha, loyiha O‘zbekiston bozoriga kirayotgan kompaniyalar uchun qulay biznes muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ