Ko‘chmas mulk va qurilish materiallari uchun soliqlar bozor narxida hisoblanadi
Shuningdek, soliq organlarida ro'yxatdan o'tmagan xorijiy kompaniyalar faoliyati to'xtatiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va qurilish materiallari bo‘yicha soliq bazasi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi. Bu prezidentning 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Qurilish va savdo sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar ustav kapitali va undagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan, ustav kapitaliga kiritilgan tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-kassa texnikasi cheklari, bojxona yuk deklaratsiyalari, notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomalari va boshqa hujjatlar) hisobini yuritishi shart.
Ushbu operatsiyalar amalga oshirilganidan keyin 15 kun ichida soliq organlarining ma’lumotlar bazasida shaxsiy kabinet orqali aks ettirilishi talab etiladi.
Ushbu sanadan boshlab O‘zbekiston hududida jismoniy shaxslarga soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tmasdan tovarlar sotadigan yoki elektron xizmatlar ko‘rsatadigan xorijiy kompaniyalar xabarnoma yuborilgandan keyin 30 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Aks holda, ularning mamlakatdagi faoliyati cheklanadi.
Bundan tashqari, import qilingan oziq-ovqat mahsulotlarining 9 oy (go‘sht va ho‘l meva-sabzavotlarning 3 oy) davomida sotilmagani va qiymati BHMning 500 baravari (206 mln so‘m)dan ortiq bo‘lgan ushbu mahsulotlar qoldiqda turgani holati sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq organlari aniqlagan tafovutni asoslash uchun soliq to‘lovchilar tomonidan qo‘shimcha hujjatlar taqdim etilganda, soliq organlari tomonidan ularning ko‘rib chiqilishi majburiy hisoblanadi.
2026-yil 1-iyuldan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bodi-kameradan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ