O‘zbekistonda har oltinchi xaridor yangi uyni ipoteka krediti asosida sotib olmoqda

Joriy yilning birinchi yarmida ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari 11% ga oshgan

O‘zbekistonda har oltinchi xaridor yangi uyni ipoteka krediti asosida sotib olmoqda

O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida talab va taklif o‘rtasidagi tafovut kamayib, muvozanatga yaqinlashmoqda. Bu haqda Markaziy bankning 2025-yilning birinchi yarmi bo‘yicha e’lon qilingan moliyaviy barqarorlik sharhida ma’lum qilindi.

Ikkinchi chorakda uy-joylarning bozor narxi bilan asosiy (fundamental) narxi orasidagi farq sezilarli qisqarib, yil boshidagi 17% dan 4% gacha tushdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir kvadrat metrning fundamental narxi 9,1 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, bozor narxi o‘rtacha 9,4 mln so‘mni tashkil etdi.

Markaziy bank mutaxassislarining qayd etishicha, spekulyativ xaridlarning qisqarishi fonida taklif sezilarli oshgan, bu esa aholining ko‘chmas mulk xarid qilish imkoniyatining pasayib borishini to‘xtatgan.

Yilning birinchi yarmida bajarilgan qurilish ishlari hajmi 137,6 trln so‘mga yetib, YAIMning 17% ini tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 72% yuqori. Shu bilan birga, qurilish-montaj sohasidagi narxlar 6,3% ga ko‘tarilgan.

Ijaraga berish bozorida ham o‘sish sur’atlarining sekinlashuvi kuzatildi. Iyun oxirida ijara stavkalarining yillik o‘sishi 12% bo‘lib, bu ko‘chmas mulkning investitsion jozibadorligi pasayganidan darak beradi.

Iyul boshida uy-joy narxlarining aholiga to‘g‘ri keladigan YAIMga nisbati 22% bo‘ldi — bu o‘tgan yilga qaraganda 4% past. Qurilishning ko‘payishi sabab uy-joy narxlari milliy valyutada 4,9% ga arzonlashgan, dollarda esa pasayish yanada chuqurroq — 6,2%.

2021-yildan buyon ilk bor ish haqi ko‘chmas mulk narxlaridan tezroq oshdi. Yilning birinchi yarmida o‘rtacha nominal ish haqi 17% ga ko‘tarildi, uy-joy narxining ish haqiga nisbatan o‘sish indeksi esa manfiy hududga — (-0,3) ga tushdi.

Shunga qaramay, bozor talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu, avvalo, hali o‘z uyiga ega bo‘lmagan 157,3 ming oilaning mavjudligi bilan izohlanadi. Yarim yillikda 177,5 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi — bu o‘tgan yilga nisbatan 11% ko‘p. Xaridorlarning har oltinchisi, ya’ni 31,6 ming kishi ipoteka krediti asosida uy sotib olgan.

2024-yil bahoridan beri ipoteka kreditlarining o‘rtacha hajmi 300 mln so‘m atrofida saqlanmoqda. Shu vaqt ichida kreditlar bo‘yicha shartlar yumshagan: o‘rtacha foiz stavkasi 0,4% ga kamayib 19,2% ga tushgan, kredit muddati esa yarim yilga uzayib 17,2 yilni tashkil qilmoqda

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda bank aktivlarining 65% qismi kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi — Markaziy bank
/
O‘zbekistonda bank aktivlarining 65% qismi kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi — Markaziy bank
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zaro tovar aylanmasini $2 mlrdga yetkaziladi
/
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘zaro tovar aylanmasini $2 mlrdga yetkaziladi
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi
/
O‘zbekistonda barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi