O‘zbekistonda kimyo mahsulotlari eksporti $1 mlrdga yetkaziladi

2030-yilgacha mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishi 1,5 baravar oshirilishi rejalashtirilgan

O‘zbekistonda kimyo mahsulotlari eksporti $1 mlrdga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyev mamlakat kimyo sanoatini rivojlantirish va eksport hajmini kengaytirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 2030-yilgacha kimyo sanoati umumiy ishlab chiqarish hajmini ikki baravar oshirish ko‘zda tutilmoqda. Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarishi 1,5 baravar oshiriladi, eksport ko‘rsatkichi esa $1 mlrdga yetkazilishi rejalashtirilgan. Hozirda umumiy qiymati $1 mlrd bo‘lgan 21 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda, keyingi uch yil ichida yana $4,5 mlrdlik tashabbuslarni boshlash rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda ayrim korxonalarda eskirgan quvvatlar energiya sarfi yuqoriligi sabab mahsulot raqobatbardoshligini pasaytirayotganini ta’kidlandi. Jumladan, azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarishda energiya xarajatlari tannarxning 55%ini tashkil qiladi. Vaziyatni yaxshilash uchun energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va jarayonlarni raqamlashtirish orqali xarajatlarni keskin kamaytirish topshirildi.

Qo‘shni davlatlarning O‘zbekiston kimyo mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji $1 mlrd deb baholanmoqda. Mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini ikki baravar oshirish imkonini beradi.

Yil boshidan buyon Toshkent, Navoiy va Jizzax viloyatlarida “yashil” o‘g‘itlar, sianid tuzlari, kaliy sulfat hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ish boshladi. Mas’ullarga ularning tashqi bozorga sotuvini kengaytirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklandi.

Majlisda qishloq xo‘jaligini o‘g‘it bilan ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. 2026-yilda 4,5 mln tonna paxta xirmon qilish maqsad qilingan. Buning uchun fosfatlar zaxirasini yaratish va zavodlarni o‘z vaqtida sulfat kislotasi bilan ta’minlash zarur. Prezidentimiz fermerlarga o‘g‘it xaridi uchun imtiyozli kreditlar ajratishni tez fursatda boshlashni topshirdi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Markaziy Osiyo davlatlari 2026-yil uchun suv taqdimotini kelishib oldi
/
Markaziy Osiyo davlatlari 2026-yil uchun suv taqdimotini kelishib oldi
2026-yildan boshlab QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi
/
2026-yildan boshlab QQS tushumlarining bir qismi mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi
O‘zbekiston davlat qarzi qariyb $44 mlrdga yetdi
/
O‘zbekiston davlat qarzi qariyb $44 mlrdga yetdi