O‘zbekistonda “chempion” tadbirkorlar ro‘yxati shakllantiriladi
1-iyulga qadar ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlagan yuridik shaxslarga 14% stavkada kredit beriladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda “chempion” tadbirkorlar ro‘yxatiga kiritish mezonlari belgilandi. Bu prezidentning kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.
Farmonga muvofiq, Qoraqalpog‘istonda 2025-yil 1-iyulga qadar yuridik shaxslarga onlayn rejimda mikrokredit ajratish jarayonlarini soddalashtirish va ularni tezkor tasdiqlash mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi.
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida ijtimoiy himoya yagona reyestrida turgan ishsiz fuqarolarni ish bilan ta’minlagan kichik va o‘rta biznes subyektlariga ushbu fuqarolar uchun tashkil qilingan har bir ish o‘rniga qo‘shimcha ravishda 10 mln so‘mdan, 10 va undan ko‘p bunday ish o‘rinlarini tashkil qilgan subyektlarga 100 mln so‘mgacha 3 yilgacha muddatga yillik 14% stavkada aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kredit ajratish amaliyoti tatbiq qilinadi.
Dastur doirasida “chempion” tadbirkorlarga aylantiriladigan tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, unga quyidagi mezonlarga javob beradigan tadbirkorlik subyektlari kiritiladi:
- tuman (shahar) darajasida — har bir tuman (shahar)da kamida 2 tadan yillik aylanmasi 10 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan va 50 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik subyektlari;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida — har bir hududda kamida 5 tadan yillik aylanmasi 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan va 500 tadan ortiq ish o‘rni yaratgan tadbirkorlik subyektlari;
- respublika darajasida — yillik aylanmasi 1 trln so‘mdan yuqori bo‘lgan va 5 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratgan tadbirkorlik subyektlari.
Kamida 600 nafar kichik va o‘rta biznes subyektlarining yiriklashishiga ko‘maklashish orqali ularni “chempion” tadbirkorlarga aylantirish, 100 nafardan ko‘p ishchisi bor tadbirkorlik subyektlari sonini 4 mingga yetkazish asosiy maqsadlar qatorida belgilangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ