O‘zbekistonda kiberjinoyatlar uchun banklar moddiy javobgar bo‘ladi
Shavkat Mirziyoyev raqamli makondagi huquqbuzarliklar va noqonuniy janglarga qarshi javobgarlikni kuchaytirish tashabbuslarini ma’qulladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev uyushgan jinoyatchilik hamda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda internet foydalanuvchilari soni 31 mln nafardan oshgan bo‘lib, ularning 14 mln nafari ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadi. So‘nggi olti yil ichida kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar soni 48 barobarga ko‘paygan. O‘tgan yili firibgarliklarning 82% va o‘g‘riliklarning 76% internet orqali sodir etilgan. Fuqarolar va kompaniyalarga yetkazilgan umumiy moddiy zarar 2 trln so‘mdan oshgan.
Shu munosabat bilan IT sohasidagi jinoyatlar va moliyaviy piramidalarni tashkil etish uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Bank kartalari, SIM-kartalar, kriptohamyonlar yoki elektron akkauntlari jinoyat sodir etishda qo‘llanilgan shaxslar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi taklif etilmoqda.
Shuningdek, kiberxavfsizlik talablariga rioya etmagan yuridik shaxslarni, og‘ir oqibatlar yuzaga kelgan- kelmaganidan qat’i nazar, javobgarlikka tortish nazarda tutilmoqda. Masofaviy xizmat ko‘rsatuvchi banklarga ham yangi talablar qo‘yiladi. So‘nggi yillarda uchta bank tizimidagi zaifliklar sabab 3025 nafar mijoz 17 mlrd so‘m yo‘qotgan. Qonunchilikka ko‘ra, tijorat banklari va to‘lov tashkilotlari mijozlarga yetkazilgan zarar uchun moddiy javobgar bo‘ladi.
Bundan tashqari, uyushgan jinoyatchilikka qarshi choralar kuchaytiriladi. Qurol ishlatgan holda bezorilik yoki hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatish uchun mavjud jazolar yetarli emasligi qayd etildi. Yoshlar ishtirokidagi noqonuniy aralash yakkakurash janglari ham ko‘paygani ta’kidlandi.
Takliflarga ko‘ra, jinoyat uyushmalarini tuzish va moliyalashtirish, ularni yashirishni qo‘llab-quvvatlash hamda noqonuniy sport musobaqalarini tashkil etish uchun jinoiy javobgarlik joriy etiladi. Bunday janglarda ishtirok etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi. Prezident mazkur tashabbuslarni ma’qullab, tegishli qonun loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ