Qirg‘izistonda milliy valyutaga bog‘langan KGST nomli steyblkoin ishga tushirildi

Respublika, shuningdek, davlat kriptozaxirasini yaratmoqda va raqamli milliy valyuta loyihasi ustida ishlamoqda

Qirg‘izistonda milliy valyutaga bog‘langan KGST nomli steyblkoin ishga tushirildi

Qirg‘izistonda KGST nomli milliy steyblkoin ishga tushirildi, uning kursi 1:1 nisbatda milliy valyuta — qirg‘iz so‘miga bog‘langan. Bu haqda Binance kriptobirjasi asoschisi Changpeng Jjao ma’lum qildi.

Yangi raqamli aktiv Binance’ning BNB Chain blokcheyn platformasida ishlaydi. Shu bilan birga, Qirg‘iziston Milliy banki tomonidan davlat darajasidagi to‘lovlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan raqamli so‘m loyihasini joriy etish tayyorgarliklari olib borilmoqda.

Changpeng Jjaoning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston BNB tokenlarini o‘z ichiga olgan milliy kriptozaxirani shakllantirgan. Shuningdek, Binance ilovasi mamlakat bozoriga to‘liq moslashtirilgani ham ma’lum qilindi.

Kompaniya mamlakatdagi 10 ta universitet bilan hamkorlikda Binance Academy nomli investitsiya akademiyasini ochmoqda. Bundan tashqari, Binance huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga raqamli aktivlar bo‘yicha o‘quv dasturlarini o‘tkazadi.

24-oktabr kuni Bishkekda virtual aktivlar va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirishga bag‘ishlangan Milliy kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Prezident Sadir Japarov ushbu sohaning o‘sayotganini ta’kidladi va Qirg‘iziston kriptovalyutalarni qabul qilish bo‘yicha global reytingda 19-o‘rinda ekanini eslatdi.

Davlat rahbari ishonchli raqamli ekotizimni shakllantirish uchun inson kapitali, samarali tartibga solish va texnologik infratuzilma uyg‘unligi zarurligini qayd etdi. U Qirg‘izistonning afzalliklari sifatida moslashuvchan institut muhitini, yoshlarning salohiyatini va davlat sektorining faol raqamlashtirilishini sanab o‘tdi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Changpeng Jjao Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda Binance’ni to‘liq mahalliylashtirgan birinchi davlatga aylanganini ta’kidladi. U, shuningdek, KGST’ni bank tizimiga tezroq integratsiya qilish va kriptozaxirani kengaytirish zarurligini bildirdi.

Qirg‘iziston Milliy banki raisi Melis Turg‘unboev esa raqamli so‘m loyihasining amaliy bosqichga o‘tganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, tizim yopiq blokcheyn arxitekturasi asosida, markaziy bankning to‘liq nazorati ostida ishlaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi
/
O‘zbekistonda rubldan tashqari barcha xorijiy valyutalar qiymati tushdi
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda mopedlar uchun A1 toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi
/
2026-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda mopedlar uchun A1 toifadagi haydovchilik guvohnomasi joriy etiladi
2026-yil aprel oyidan boshlab O‘zbekistonda kameralar haydovchilarga jarima ballarini hisoblay boshlaydi
/
2026-yil aprel oyidan boshlab O‘zbekistonda kameralar haydovchilarga jarima ballarini hisoblay boshlaydi