2026-yildan homiladorlik va kasallik nafaqalari Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi
Yangi tizim rasman band bo‘lgan barcha xodimlarni qamrab oladi va ish beruvchilar orqali to‘lovlarni amalga oshirishning amaldagi tartibi o‘rnini bosadi
Фото: пресс-служба президента
Shavkat Mirziyoyev 29-oktabr kuni ijtimoiy sug‘urta tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, kambag‘allik darajasi 2021-yildagi 17% dan 6,8% ga, kam ta’minlangan oila sifatida nafaqa oluvchilar soni esa 14% dan 6,1% ga kamaygan.
Shu bilan birga, bugungi kunda aholini og‘ir hayotiy vaziyatlarda daromadsiz qolishi va kambag‘allikka tushishini oldini olish masalalari hukumatning doimiy e’tiborida, ta’kidladi davlat rahbari.
Taqdimotda bu boradagi dolzarb masalalar ko‘rsatib o‘tildi. Jumladan, xususiy sektorda band bo‘lgan aholining barchasiga ham homiladorlik, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik va ishdan bo‘shash bo‘yicha nafaqalar to‘lab berilmayapti.
Bu holat to‘lovlar ko‘p hollarda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxining oshishiga olib kelayotgani va raqobatbardoshlikka ta’sir ko‘rsatayotgani, ish beruvchilar nafaqalarni to‘lashga ortiqcha yuklanma sifatida qarayotgani, budjetdan qoplab berilayotgan tug‘ish bo‘yicha nafaqa miqdori kamligi sababli tadbirkorlar uchun ushbu tizim jozibador emasligi bilan izohlanadi.
Qolaversa, Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy ta’minotining minimal normalari to‘g‘risida”gi va “Onalikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi konvensiyalariga muvofiq, tug‘ish va kasallik bo‘yicha nafaqalar ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari orqali to‘lanishi belgilangan.
Taqdimotda aholini ijtimoiy nafaqalar bilan qamrovini oshirish hamda milliy ijtimoiy sug‘urta tizimini xalqaro hujjatlarga uyg‘unlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, rasmiy band bo‘lgan barcha shaxslarga nafaqalar bosqichma-bosqich Ijtimoiy himoya jamg‘armasi tomonidan to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi. 2026-yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqasi, 2026-yil ikkinchi yarmidan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari to‘lab boriladi.
Yangi tizimning asosiy maqsadi ayollar va ishchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bilan birga, rasmiy mehnat munosabatlarini rag‘batlantirish ekani ta’kidlandi.
Prezident takliflarni ma’qullab, ijtimoiy sug‘urta sohasini raqamlashtirish, tizim shaffof ishlashini, nafaqalar proaktiv ravishda tayinlanib, to‘lab borilishini ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ