Kapitalbank TAF!25 festivalida O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi

TAF!25 — Markaziy Osiyodagi marketing va kommunikatsiyalar sohasidagi eng yirik xalqaro tadbir hisoblanib, har yili o‘nlab mamlakatlardan kelgan mutaxassislar va ishtirokchilarni o‘z jamlaydi

Kapitalbank TAF!25 festivalida O‘zbekistonning xalqaro imijini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlandi

Toshkentda bo‘lib o‘tgan VII xalqaro reklama festivali – TAF!25 doirasida Kapitalbank O‘zbekistonning xalqaro investitsion imijini oshirishga qo‘shgan hissasi uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda O‘zbekiston marketing assotsiatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, mamlakatga bo‘lgan ishonchni global miqyosda mustahkamlovchi loyihalarni amalga oshirgan kompaniyalarga topshiriladi.

Xalqaro e’tirof

2025-yilda uchta yetakchi xalqaro reyting agentliklari Kapitalbank faoliyatini yuqori baholab, uning barqaror biznes modelini va investorlarning oshib borayotgan ishonchini qayd etishdi. Xususan S&P bank reytingini “B+” dan “BB-” ga ko‘tardi, Moody’s tomonidan berilgan baho “B1” darajasigacha oshirilib, prognoz “Ijobiy” deb belgilandi, Fitch esa mavjud “B” reytingini tasdiqlab, prognozni “Barqaror”dan “Ijobiy”ga o‘zgartirdi.

S&P ekspertlarining fikriga ko‘ra, Kapitalbankning Uzum ekotizimiga integratsiyasi bankka yangi mijozlarga chiqish, mahsulotlar qatorini kengaytirish va raqamli xizmatlarning jadal o‘sishi kabi bozordagi muhim raqobat ustunliklarini taqdim etmoqda.

Bank xalqaro maydondagi ishtirokini faol kengaytirmoqda. 2025-yil Frankfurt shahrida o‘tkazilgan Sibos moliyaviy forumida Kapitalbank raqamli to‘lovlar, xalqaro hisob-kitoblar va kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi yechimlarni ommaga taqdim etdi va shu orqali O‘zbekistonning xalqaro imijini istiqbolli hamkor sifatida targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shdi.

Innovatsiyalar va yutuqlar

Kapitalbank strategiyasining so‘nggi yillardagi samaradorligi nufuzli International Finance nashri tomonidan ham tan olindi. 2023-yilgi International Finance Awards natijalariga ko‘ra, bank biryo‘la ikki nominatsiyada g‘olib bo‘lib, “O‘zbekistonning eng yaxshi chakana banki” va “O‘zbekistonning eng innovatsion xususiy banki” deb topildi. Bu mukofotlar bank uchun muhim xalqaro e’tirofga aylandi va 2025-yildagi muvaffaqiyatlari uchun zamin yaratdi.

Uzum ekotizimi bilan hamkorlikda Kapitalbank ilg‘or fintex yechimlarni amalga oshirmoqda. Ana shunday loyihalardan biri mamlakatda birinchi bo‘lib joriy etilgan kredit limiti o‘rnatilgan debet kartasi bo‘ldi – 2025-yil o‘rtasiga kelib bank tomonidan chiqarilgan ushbu kartalar soni 2 mlndan oshdi.

Shuningdek, Kapitalbank MAKESENSE IT-loyihasi uchun $22 mln miqdorida sindikatlangan moliyalashtirishni tashkil etdi. Bu esa O‘zbekiston moliyaviy bozorida bunday turdagi ilk tajriba bo‘lib, bankning xalqaro moliyaviy hamkor sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi.

Qolaversa, Kapitalbank dunyodagi eng nufuzli sertifikatlash tashkilotlaridan biri – BSI Group (British Standards Institution) auditi va sertifikatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Natijada, Kapitalbank ISO/IEC 27001:2022 va ISO/IEC 27701:2019 sertifikatlarini qo‘lga kiritgan O‘zbekistondagi birinchi bankka aylandi. Bu o‘z navbatida axborot xavfsizligi va maxfiylikka oid risklarni boshqarish tizimlarining yuqori darajada himoyalanganini tasdiqlaydi.

Korporativ madaniyat va ESG tashabbuslar

Barqaror rivojlanish Kapitalbank korporativ madaniyatida muhim o‘rinni egallaydi. Bank o‘zining ESG strategiyasi doirasida ekologiyani qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy loyihalarni rivojlantirish va zamonaviy boshqaruv amaliyotlarini joriy qilishga e’tibor qaratmoqda.

Xususan, Kapitalbank O‘zbekistonda birinchi bo‘lib HR jarayonlari dunyo standartlariga mosligini tasdiqlovchi Top Employers Institute xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldi. 2025-yilda bank ushbu maqomini yana bir bor tasdiqlab, mamlakatdagi eng yaxshi ish beruvchi mavqeini saqlab qoldi.

Kapitalbank Uzbekistan’s Club bilan hamkorlikda “Inson kapitali” mukofotini ta’sis etdi. Bu mukofot O‘zbekistonning iqtidorli, mehnatsevar va ilhom baxsh etuvchi shaxslarining yutuqlarini e’tirof etishni ko‘zda tutadi. Mazkur tashabbus bankning yoshlarga yo‘naltirilgan kadrlar siyosatining mantiqiy davomi bo‘lib, ular uchun professional va shaxsiy rivojlanish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

Bankimiz qo‘lga kiritgan TAF!25 mukofoti O‘zbekistonni ishonchli, ochiq va istiqbolli hamkor sifatida dunyoga tanitish missiyamizning tan olingani demakdir. Bu yili Kapitalbank xalqaro forumlarda faol qatnashdi, innovatsion mahsulotlarni taqdim etdi va moliya bozorining yetakchi ishtirokchilari bilan hamkorlikni rivojlantirdi. Ushbu yutuq biz uchun yakunlovchi nuqta emas, balki mijozlarimiz, mamlakatimiz va umuman soha manfaatlari yo‘lida oldinga intilish uchun rag‘batdir, — deb ta’kidladi Kapitalbank boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sardor Ismailov.

Kelgusida bank xalqaro maydondagi ishtirokini yanada kengaytirish, ilg‘or global amaliyotlarni joriy etish va mamlakatning investitsion jozibadorligini mustahkamlash hamda iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi loyihalarni amalga oshirishni davom ettiradi.

TAF!25 har yili o‘nlab davlatlardan marketing va kommunikatsiya sohasidagi mutaxassislar va ishtirokchilarni bir joyga jamlaydigan Markaziy Osiyodagi eng yirik xalqaro tadbirdir. Bu yil festival hakamlar hay’ati Kapitalbankning O‘zbekiston investitsion jozibadorligini oshirish va ijobiy xalqaro imijini targ‘ib qilishdagi hissasini qayd etdi.

Reklama huquqi asosida

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Anvar Abduqayumov: “Eksportga yo‘naltirilgan strategiya bizni MDH yetakchiga aylantirdi”
/
Anvar Abduqayumov: “Eksportga yo‘naltirilgan strategiya bizni MDH yetakchiga aylantirdi”