“Kapital sug‘urta” ning imtiyozli aksiyalari bo‘yicha savdolari qayta tiklandi

Fitch Ratings agentligi esa kompaniyaning moliyaviy barqarorlik reytingini (IFS) B– darajasidan CCC darajasigacha pasaytirdi

“Kapital sug‘urta” ning imtiyozli aksiyalari bo‘yicha savdolari qayta tiklandi

Toshkent Respublika fond birjasi “Main Board” maydonchasida Kapital sug‘urta AJning (UZ702866K013) imtiyozli aksiyalari bo‘yicha savdolar qayta tiklandi.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil 16–27-fevral kunlari mazkur aksiyalar kotirovkalarining sezilarli o‘sishi qayd etilgan. Qimmatli qog‘ozlar savdosi qoidalarining 1687-bandiga muvofiq, narxlarning keskin va asoslanmagan o‘zgarishi holatlarida savdolarni vaqtincha to‘xtatish tartibi belgilangan. Shu asosda 2026-yil 2-martdan boshlab savdolar to‘xtatilgan va Birjaning nazorat komissiyasi tomonidan vaziyat har tomonlama o‘rganilgan.

Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, bozor manipulyatsiyasi alomatlari aniqlanmadi. Savdo qoidalarining 1688-3-bandiga asosan, nazorat komissiyasi xulosasi inobatga olinib, 2026-yil 11-martdan boshlab savdolar 2026-yil 2-martda shakllangan yopilish narxi asosida qayta tiklandi.

Shuningdek, “Kapital sug‘urta” AJ tomonidan Birjaga rasmiy murojaat yo‘llanib, ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil 8-yanvarda kompaniya tomonidan Prestige Insurance AJ aksiyalarining nazorat paketini sotib olish bo‘yicha bitim noto‘g‘ri talqin qilinayotgani bildirildi. Xususan, “Kapital sug‘urta” AJ aksiyalarining 55,17% nazorat paketi go‘yoki “Prestige Insurance” AJ tasarrufiga o‘tgani haqidagi ma’lumotlar asossiz ekani qayd etilgan.

Bundan tashqari, Fitch Ratings agentligi Kapital sug‘urta kompaniyasining moliyaviy barqarorlik reytingini (IFS) B– darajasidan CCC darajasigacha pasaytirdi.

Agentlik qarorni biznes profili zaiflashgani, operatsion va moliyaviy risklar oshgani hamda kapital zaxirasi minimal tartibga soluvchi talablar darajasiga yaqinlashgani bilan izohladi. 2024-yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning yalpi sug‘urta mukofotlari qariyb $26 mlnni, o‘z kapitali esa $4 mln atrofini tashkil etgan.

Reytingga bosim biznesning yuqori konsentratsiyasi va qarz yukining ortishi bilan ham bog‘liq. Moliyaviy leverej 2023-yil oxiridagi 0%dan 2024-yil oxiriga kelib 31%gacha oshgan. To‘lovga qobiliyatlilik koeffitsienti 2025-yil yakunida 101% darajasida shakllangan.

Xalqaro moliyaviy hisobotlarga ko‘ra, 2024-yilda ROE –8,7%ni, kombinatsiyalangan koeffitsient esa 109%ni tashkil etgan. 2025-yildagi moliyaviy natijalar esa asosan bir martalik aktiv sotishdan olingan daromad hisobiga vaqtincha yaxshilangani qayd etilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

2025-yilda ishlab chiqarish korxonalari 120,2 trln so‘m soliq to‘ladi
/
2025-yilda ishlab chiqarish korxonalari 120,2 trln so‘m soliq to‘ladi
Toshkent shahri hokimiga turizm bo‘yicha yangi o‘rinbosar tayinlandi
/
Toshkent shahri hokimiga turizm bo‘yicha yangi o‘rinbosar tayinlandi
Telegram asoschisi Pavel Durovning boyligi qariyb uch barobarga kamaydi
/
Telegram asoschisi Pavel Durovning boyligi qariyb uch barobarga kamaydi