O‘zbekistonlik Kamila Mahmudova RBI bankining moliyaviy direktori etib tayinlandi
U 2026-yil 1-yanvardan boshlab bank boshqaruviga o‘tadi

Фото: Raiffeisen Bank International
O‘zbekistonlik Kamila Mahmudova Avstriyaning Raiffeisen Bank International (RBI) boshqaruvida moliya direktori (CFO) lavozimini egallaydi. Bu haqda bank guruhi kuzatuv kengashi ma’lum qildi.
Kuzatuv kengashi Kamila Mahmudovani direktorlar kengashidagi moliya direktori lavozimiga tayinlashni ma’qulladi. U o‘z vazifasini 2026-yil 1-yanvardan bajarishga kirishadi. Endi bu tayinlovni bank nazorat organlari tasdiqlashi kerak.
Kamila Mahmudova 1997-yilda O‘zbekiston Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. Shuningdek, u AQShning Illinoys kolleji, Avstriyaning Vena iqtisodiyot universiteti, AQShning Karlson menejment maktabi va Garvard biznes maktabida ham tahsil olgan.
Mahmudovaning bank sohasidagi tajribasi 20 yildan ortiq. U 2001–2007-yillarda Xalqaro moliya korporatsiyasida (IFC) maslahatchi sifatida faoliyat yuritgan. 2007-yilda RBIda faoliyatini boshlagan — sarmoyalar va qo‘shib olish (M&A) bo‘limida turli xarid loyihalariga rahbarlik qilgan. 2019-yilda u korporativ rivojlanish va strategik boshqaruv yo‘nalishiga o‘tgan, 2021-yil dekabrida esa Chexiyadagi Raiffeisenbankda moliya direktori lavozimiga tayinlangan.
Avstriyaning Die Presse nashri ta’kidlashicha, Mahmudovani oldinda murakkab vazifalar kutmoqda. Chunki Raiffeisen Bank Internationalning Rossiyadagi faoliyati Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng jiddiy siyosiy bahslarga sabab bo‘lgan. Bank muntazam ravishda Rossiyadagi ishtirokini qisqartirish niyatida ekanini bildirib kelmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ