O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9% dan 5,8% ga tushdi — Prezident
Shuningdek, yil davomida 5 mln aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 4,9% ni tashkil qilmoqda
Foto: Prezident matbuot xizmati
Avval xabar berilganidek, Prezident Mirziyoyevning ayni vaqtda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi bo’lib o’tmoqda.
Qayd etilishicha, joriy yilda 5 mln aholi daromadli bo‘lib, ishsizlik darajasi 5,5% dan 4,9% ga tushdi. Qariyb 1,5 mln ehtiyojmand aholi kambag‘allikdan chiqdi, ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylandi.
Kambag‘al oilalarga mansub 168 ming nafar bola davlat bog‘chalariga imtiyozli asosda qabul qilindi. Bu yildan boshlab 208 ta bog‘chada birinchi marta inklyuziv ta’lim tizimi joriy etildi.
Bundan tashqari, kambag‘allik darajasi yil boshidagi 8,9% dan 5,8% ga tushdi.
Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi.
Kredit, subsidiya, kompensatsiya kabi 100 dan ziyod xizmatlar orqali ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi tizimini yo‘lga qo‘yganimiz va bularni mahalladagi “yettilik”ning o‘ziga berganimiz natijasida 8,5 mlndan ziyod odam kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik 2 karra qisqardi.
Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik,– dedi Prezident.
Noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev 2026-yilda kambag‘allik va ishsizlik darajasini 4,5% ga tushirish haqida topshiriq bergan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ