O‘zbekistonda kambag‘al oilalar 3 ta toifaga ajratiladi
Toifalash tizimi ehtiyojmand oilalarni aniqlab, ularga mos ijtimoiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi

“Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmonga muvofiq, 2025-yil 15-maydan boshlab Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan hamda ushbu reyestrga tushish xavfi mavjud bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Ular uchun belgilangan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ushbu toifalarga muvofiq tarzda amalga oshiriladi.
“Qizil” toifaga quyidagi mezonlarga mos keluvchi oilalar kiritiladi:
- Oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi;
- A’zolarning kamida biri sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mehnatga layoqatsiz bo‘lishi;
- Parvarishga muhtoj a’zosi, jumladan nogironligi bo‘lgan farzandi bo‘lishi;
- Oila tarkibida yolg‘iz yashovchi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksa yoki nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lishi;
- Boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oilalar.
“Sariq” toifaga quyidagilar kiradi:
- Oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi;
- A’zolari sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mehnatga layoqatli bo‘lishi.
“Yashil” toifaga quyidagilar kiritiladi:
- Oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lishi;
- Oila ilgari “qizil” yoki “sariq” toifaga mansub bo‘lgan bo‘lsa;
- Oilaning kambag‘al oilalar reyestriga kiritilish ehtimoli yuqori bo‘lsa.
Mazkur toifalash tizimi orqali ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ular uchun moslashtirilgan ijtimoiy yordam choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2024-yil yakuniga ko‘ra 11% dan 8,9% ga kamaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ