O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalarga kredit berish qoidalari tasdiqlandi
Ular tadbirkorlik uchun texnika va uskunalarga 30 mln so‘mgacha mablag‘ olishlari mumkin bo‘ladi

Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Hukumatning 30-sentabrdagi qarori bilan “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga kreditlar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Nizom “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Xalq banki va Mikrokreditbank tomonidan kambag‘al oilalarga quyidagilarni sotib olish uchun kreditlar ajratish tartibini belgilaydi:
- noutbuk;
- tadbirkorlikni boshlash uchun kichik ishlab chiqarish uskunalari;
- ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalar.
Dastur doirasida kredit arizalari qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki, zarur hollarda, “mahalla yettiligi” ko‘magi asosida platforma orqali taqdim etiladi.
Arizalar skoring baholash natijalariga ko‘ra 1 ish kunida ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi. Biriktirilgan rahbar arizani 5 ish kunida joyiga chiqqan holda o‘rganadi. O‘rganish natijasi bo‘yicha fotohisobot va kredit ajratish yoki ajratishni rad etish to‘g‘risidagi xulosani platformaga joylashtiradi.
Qarz oluvchilarga kreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi foiz stavkasida ustama haq to‘lash sharti bilan quyidagicha ajratiladi:
- 15 mln so‘mgacha bo‘lgan 1 ta noutbuk sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan;
- tadbirkorlikni boshlash uchun qiymati 30 mln so‘mgacha bo‘lgan asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan.
2025-yil 15-maydan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlana boshladi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab ko‘rsatiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ