Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markaziga 40 mlrd so‘m ajratildi

Shuningdek, 2025-yilda 400 mingta yakka tartibdagi uy UZKAD tizimiga kiritiladi

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markaziga 40 mlrd so‘m ajratildi

Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni yer hisobini yuritish va kadastr xizmatini rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar hamda kelgusidagi vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda 45 mln gektarga yaqin yer maydonining 2021-yilgacha bor-yo‘g‘i 1 mln gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Yagona tizim va raqamlashtirish orqali bu ko‘rsatkich 94% — 42 mln gektarga yetkazildi.

Jumladan, o‘rmon va suv fondi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘liq davlat ro‘yxatiga olindi. Transport, aloqa, geodeziya, energetika, yo‘l kabi 13 turdagi davlat kadastri bo‘yicha ma’lumotlar 100% shakllandi. Yana 7 ta yo‘nalish bo‘yicha ishlar yakuniy bosqichda turibdi.

Sohadagi eng dolzarb masala ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish ekanligi qayd etildi. Barcha bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazilib, UZKAD tizimiga kiritilmoqda. Hozirgacha 150 mingta turar va 707 mingta noturar joy, 44 mingta ko‘p qavatli uy haqidagi ma’lumotlar ushbu yangi tizimda aks ettirilgan.

Bu yil 400 mingta yakka tartibdagi uy UZKADga kiritiladi. Natijada mol-mulkni sotish, ijaraga berish, meros qoldirish, garovga qo‘yish kabi jarayonlar osonlashadi. Kelgusida 6,3 mlndan ziyod barcha yakka tartibdagi uylar ushbu tizimda aks ettiriladi.

Ko‘p joylarda ko‘chmas mulkning kadastr qiymati bilan haqiqiy bozor bahosi o‘rtasida katta farqning mavjudligi huquqiy munosabatlarda va savdolarda nomutanosiblikni keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.

Shu bois prezidentning 5-martdagi farmoni bilan ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Buning uchun Kadastr agentligida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi ochildi.

Taqdimotda ushbu markazga 40 mlrd so‘m ajratilib, malakali mutaxassislar jalb qilingani hamda amaliy ishlar boshlangani qayd etildi.

Ommaviy baholash bu yil Toshkent shahrida boshlanib, keyingi yillarda Nukus shahri va viloyatlar markazlarida hamda qolgan hududlarda bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Davlat rahbari kadastr ma’lumotlari iqtisodiy rejalarni samarali belgilash uchun muhim asos ekanini ta’kidlab, bu sohada yaxlitlik va aniqlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Byurokratiyani keskin kamaytirib, kadastr xizmatlari sifatini oshirish, tadbirkorlarga yengilliklar yaratish vazifasi qo‘yildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Senat O‘zbekistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishi haqidagi qonunni ma’qulladi
/
Senat O‘zbekistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishi haqidagi qonunni ma’qulladi
O‘zbekiston Rossiyaga Chery avtomobillari uchun ehtiyot qismlar yetkazib beradi
/
O‘zbekiston Rossiyaga Chery avtomobillari uchun ehtiyot qismlar yetkazib beradi
Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lining muhim obyektlari qurilishi boshlandi
/
Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘lining muhim obyektlari qurilishi boshlandi