O‘zbekiston JSTga a’zolik bo‘yicha yana uchta davlat bilan kelishuvga erishdi
Kelishuvga erishilgan davlatlar soni 29 taga yetdi, to‘liq yakunlash uchun esa faqat 3 ta davlat qoldi

O‘zbekiston Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish yo‘lida yana uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan kelishib oldi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov ma’lum qildi.
Bundan tashqari, JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilgani qayd etildi, ammo tafsilotlar keltirilmagan.
Ushbu kelishuvlar nafaqat JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarimizni ilgari suradi, balki iqtisodiy hamkorlik, savdoni diversifikatsiya qilish va dunyoning turli mintaqalaridagi sheriklar bilan mustahkam ishbilarmonlik aloqalarining yangi kanallarini yaratadi. Har bir imzo O‘zbekistonni JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lishga yaqinlashtiradi — bu esa iqtisodiyotimiz, mintaqamiz va dunyodagi savdo hamkorlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, — dedi prezidentning vakili.
Qayd etilishicha, hozirda JST a’zoligi yo‘lida kelishuvga erishilgan davlatlar soni 29 taga yetdi, 2 ta a’zo — ular bilan asoslar mavjud, ikki tomonlama muzokaralarni to‘liq yakunlash uchun esa faqat 3 ta davlat qoldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ