2025-yilda mamlakatda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish dasturi uchun $10 mlrd ajratiladi
Jumladan, kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m, aholi uchun esa 22 trln so‘mlik kredit beriladi

Prezident matbuot xizmati
2025-yilda barcha manbalar hisobidan $10 mlrd kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish dastur uchun ajratiladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ayni vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Davlat rahbari joriy yilda kichik va o‘rta biznesga 120 trln so‘m resurs berilishini va buncha katta mablag‘ ilgari hech qachon bo‘lmaganini ta’kidlagan.
Xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 trln so‘mlik imtiyozli resurs ajratiladi. Shundan 2,5 trln so‘m yoshlarga, yana shunchasi ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun yo‘naltiriladi.
Ayol tadbirkorlarga kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2% arzon bo‘ladi.
“Uy-ro‘zg‘or va farzand tarbiyasidan ortib, tadbirkorlik bilan odamlarni ishli, daromadli qilayotgan ayollarimizga har qancha rahmat aytsak, arziydi”, – dedi Prezident.
Bu yildan kichik biznesga 300 mln so‘mgacha kredit berish boshlandi. Endilikda bir yilda yiriklashib, kichik yoki o‘rta korxonaga aylangan tadbirkorlarga shuni 150 mln so‘mi garovsiz beriladi. Xuddi shunday, oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha ham 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.
Mutasaddilarga oldingi kreditidan kechikkan qarzi bo‘lmagan tadbirkorlarga yangi imtiyozli kredit olish imkonini yaratish topshirildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ