Amerikalik milliarder Jim Rodjers O‘zbekiston fond bozoridagi kompaniyalarning aksiyalarini xarid qildi
Investor 2025-yil yakuniga kelib AQSh va Rossiyadagi aktivlarini to‘liq sotib, e’tiborni O‘zbekiston bozoriga qaratdi
Amerikalik milliarder, Jim Rodjers, O‘zbekiston fond bozorida faoliyat yuritayotgan aksariyat kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlariga sarmoya kiritdi. Bu haqda u RBK Investitsii nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Jim Rodjers 2025-yil oxiriga kelib O‘zbekiston kompaniyalari aksiyalarini o‘z investitsiya portfeliga qo‘shgan. Investor ta’kidlashicha, u mahalliy fond bozorida taqdim etilgan deyarli barcha emitentlarning ulushlarini sotib olgan. Hozirda “Toshkent” fond birjasida bank, telekommunikatsiya hamda neft-gaz sohalariga oid 85 ta tashkilotning aksiyalari muomalada.
Rodjers O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘m salohiyatiga ishonishini, shuningdek, valyuta xatarlaridan himoyalanish uchun moliyaviy instrumentlardan foydalanmasligini bildirgan. Investor O‘zbekiston bozoriga qiziqishni 2021-yildan boshlab namoyon etib kelayotgani, bunga xususiylashtirish jarayonlarining faollashuvi sabab bo‘lganini qayd etgan.
O‘zbekiston aktivlarini xarid qilish bilan bir vaqtda, Jim Rodjers Rossiyadagi investitsiyalarini to‘liq tugatgan. 2025-yil oktyabr–noyabr oylarida u “Aeroflot”, Moskva birjasi, “PhosAgro” aksiyalari hamda davlat obligatsiyalarini sotgan. Investor bloklangan qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha texnik tafsilotlarni oshkor qilmagan, bitimlar bozor narxida broker orqali amalga oshirilganini bildirgan. Sotuvdan tushgan mablag‘lar rubl ko‘rinishida Rossiyadagi hisoblarda qoldirilgan bo‘lib, investor keskin pasayish holatida ushbu bozorga qaytish ehtimolini istisno qilmagan.
Shuningdek, Rodjers AQSh bozorini ham tark etganini ma’lum qilib, joriy o‘sish sikli yakuniga yetganini ta’kidlagan. Uning fikricha, sun’iy intellekt sohasida “pufak” shakllanmoqda va u yaqin vaqt ichida yorilishi mumkin. Investor 2026-yilda aksariyat global fond bozorlarida jiddiy muammolar yuzaga kelishini, asosiy zarba esa AQSh iqtisodiyotiga to‘g‘ri kelishini prognoz qilmoqda.
Ma’lumot uchun: Jim Rodjers 1942-yilda AQShda tug‘ilgan. U 1964-yilda Uoll-stritda faoliyat boshlagan, 1973-yilda esa Quantum Fund jamg‘armasini Jorj Soros bilan birgalikda tashkil etgan. Jamg‘armaning 7 yil ichidagi daromadliligi 4 200% ni tashkil etgan. Rodjers ikki bor Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan bo‘lib, 2007-yildan buyon Singapurda istiqomat qiladi va Osiyo mintaqasini global iqtisodiy rivojlanish markazi sifatida baholaydi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ