Jahon banki O‘zbekistonga infratuzilmani rivojlantirish uchun $250 mln ajratadi
Mablag‘lar respublikaning 16 ta shahar va tumanida yashash sharoitlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi
Jahon banki direktorlar kengashi “Shaharlarda yashash uchun qulay sharoitlar yaratish va unumdorlikni oshirish” (LPCP) loyihasini amalga oshirish uchun moliyalashtirish paketini ma’qulladi. Bu haqda moliyaviy institut matbuot xizmati xabar berdi.
Ajratiladigan mablag‘lar shahar hududlarining tartibsiz kengayishi, kommunal tarmoqlarning eskirishi, shuningdek ichimlik suvi va kanalizatsiyaga kirish imkoniyatining cheklanganligi bilan bog‘liq muammolarni hal etishga yo‘naltiriladi. Tashabbus doirasida munitsipal boshqaruv tizimini isloh qilish, chiqindilarni yig‘ish xizmatlari va jamoat transportini modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.
Joriy yil bahorida mamlakatda 3,6 mln aholiga ega bo‘lgan 16 ta ma’muriy hududni, jumladan Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlarini qamrab olgan hududlarni rivojlantirish davlat dasturi ishga tushirilgan. LPCP loyihasini amalga oshirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda muvofiqlashtiriladi. Investitsiyalarning asosiy qismi ijtimoiy, kommunal va ishbilarmonlik infratuzilmasiga yo‘naltiriladi.
Modernizatsiya qilinadigan obyektlar qatoriga maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari, suv ta’minoti tizimlari, avtomobil yo‘llari va piyodalar hududlari kiradi. Qayd etilishicha, yer uchastkalarini olib qo‘yish yoki aholining majburiy ko‘chirilishini nazarda tutuvchi loyihalarga mablag‘ ajratilmaydi.
Dasturining muhim jihatlaridan biri — moliyalashtirish hajmi mahalliy hokimiyatlar faoliyati samaradorligi bilan bog‘lab qo‘yilganidir. Hokimliklar hududiy rejalashtirish sifati va kapital xarajatlarni boshqarish bo‘yicha samaradorlik mezonlarini bajargan taqdirdagina mablag‘ oladi. Bank ma’lumotlariga ko‘ra, bu O‘zbekistonda ilk bor qo‘llanilayotgan moliyaviy model hisoblanadi.
Kutilishicha, 2030-yilga kelib loyiha 1 mln nafar aholining yashash sharoitlarini yaxshilaydi. Xususan, 300 ming kishi sifatli transport xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, 400 ming nafar aholi esa obodonlashtirilgan bog‘lar va jamoat maydonlaridan bahramand bo‘ladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ